Viloyat hokimligi, viloyat sogʻliqni saqlash tibbiyot instituti, viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi, “ASL PHARMA» MCHJ hamda Hindistonning “VGLOBAL” kompaniyasi rahbarlari oʻrtasida xalqaro hamkorlik haqida memorandum imzolandi.

Ushbu kelishuvga koʻra, Fargʻonada zamonaviy endokrinologiya markazini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Viloyat hokimligida hindistonlik hamkorlar bilan oʻtkazilgan uchrashuvda markazni tashkil etish boʻyicha amalga oshiriladigan ishlar, tomonlarning huquq va majburiyatlari kelishib olindi.

Davlat xususiy sherikligi asosida tashkil qilinadigan yangi markaz uchun viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi bino ajratib beradi. Hindistonlik hamkorlar esa markazni barcha tibbiy asbob-uskunalar va jihozlar bilan taʼminlaydi. Shuningdek, malakali xorij mutaxassislari ham ishga jalb etiladi.

Bundan tashqari, memorandumda Hindiston kompaniyasi ishtirokida Fargʻonada klinik laboratoriya ochish ham koʻzda tutilmoqda.