Fargʻonada zamonaviy radiologiya boʻlimi ish boshladi

    Salomatlik 5 Avgust 2021 2433

    Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Fargʻona viloyat filialida 20 oʻrin-joyga moʻljallangan radiologiya (nur terapiyasi) boʻlimi ochildi.

    Ochilish marosimida viloyat hokimining oʻrinbosari Fayzullo Qosimov, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Mirzagʻolib Tillashayxov, viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Husan Mamajonovlar yurtimizda aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilayotgan yuksak eʼtibor xususida soʻz yuritishdi.

    Islom taraqqiyot bankining 550 ming dollar mablagʻi hisobidan Chexiya davlatida ishlab chiqarilgan zamonaviy “TERABALT” nur apparati olib kelib, filialga oʻrnatildi. Taʼkidlash lozimki, Fargʻonada radioterapiya boʻlimi ochilishi uchun oxirgi bir yil mobaynida mahalliy byudjet hisobidan qariyb 970 million soʻmlik qurilish-taʼmirlash va qayta jihozlash ishlari olib borildi.

    Radiologiya boʻlimining ochilishi Fargʻona viloyatining barcha bemorlariga shu yerning oʻzida, ortiqcha sarson boʻlmasdan vaqtida nur terapiya muolajalarini olish imkonini yaratadi.

    Ilgarilari nur muolajasini olish uchun 3-5 oygacha boshqa viloyat onkologiya muassasalarida navbatda turishiga toʻgʻri kelardi. Bu esa davolash samaradorligini pasayishiga, baʼzi bemorlarda navbati yetguniga qadar kasallikni zoʻrayishi holatlari kuzatilardi. Endi esa hududdagi onkologiya markazida radiologiya boʻlimi barpo etildi va eng zamonaviy radioterapevtik uskuna hamda yetuk kadrlar bilan taʼminlandi, deb xabar beradi Fargʻona viloyat hokimligi matbuot xizmati viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi maʼlumotiga tayanib.

    Radiolog shifokorlar Belarus, Hindiston va Turkiya davlatlarining yetakchi klinikalarida oʻz malakalarini oshirib keldi.