Tadbirda iste'dodli qizlarni tanlash va ularning iqtidorini ro'yobga chiqarishda, ijodkor, san'atsevar, olima, oqila, shoira, sportchi qizlar safini kengayib borishida mazkur tanlov muhim o'rin tutayotgani qayd etildi.

Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti uchun 7 ta yo'nalishda yutuqlarga erishgan o'n to'rt yoshga to'lgan va o'ttiz yoshdan oshmagan iqtidorli qizlar qatnashish xuquqiga ega ekanligi yana bir bor ta'kidlandi. Tanlovning 19 ta shahar-tuman bosqichida ishtirok etgan 687 nafar iqtidorli qizlar orasidan 121 nafari viloyat bosqichiga etib kelgani ma'lum qilindi.

Ishtirokchilarning ijodiy ishlari, siyosiy-ijtimoiy bilimlari, urf-odatlar, milliy qadriyatlarni bilishi, ko'rik-tanlovlardagi ishtiroki, iste'dodini bir necha yo'nalishlarda ko'rsata olganligini o'rganish uchun o'z sohasini bilimdoni bo'lgan tanlov komissiyasi a'zolari tanishtirib o'tildi.

Shundan so'ng nomzodlar adabiyot, san'at, fan, ta'lim, madaniyat, sport va jamoatchilik yo'nalishlarida o'z imkoniyatlarini namoyon etishga kirishdilar. Belgilangan tartibga ko'ra, yakunda tanlov komissiyasi a'zolari Respublika komissiyasiga eng munosib 21 nafar nomzodni tavsiya etadilar.