Fargʻonadagi ekoshaharda AQSHning “Webster” universiteti filiali ochiladi

    Ta'lim 7 Oktabr 2021 1509

    Fargʻona viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Amerika Qoʻshma Shtatlarining “Webster” universiteti prezidenti, doktor Djulian Shuster boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

    Taʼlim yoʻnalishida dunyo reytingida yuqori natijalarga erishib kelayotgan “Webster” xususiy notijorat universiteti 1915-yilda AQSHning Sent-Luis shahrida tashkil topgan boʻlib, 2019-2020 oʻquv yilidan Toshkent shahrida oʻz filialini ochdi. Endi esa ushbu xorijiy oliygoh Fargʻonada ham faoliyat olib borish niyatida.

    “Poytaxtda talabalar uchun yaratilgan barcha shart-sharoitlar, Fargʻonada ham yaratiladi. Biz shu orqali yoshlarga sifatli taʼlim berishni maqsad qilganmiz”, — dedi muloqot davomida doktor Djulian Shuster.

    “Webster” asosan sanʼat, tasviriy va sahna sanʼati, oʻqituvchilar taʼlimi, biznes va menejmentni oʻz ichiga olgan turli fanlar boʻyicha bakalavr va magistrlik dasturlarini taklif etadi. Lekin fanlar boʻyicha takliflar har bir filialda davlat va hudud ichki talabidan kelib chiqqan holda yoʻlga qoʻyiladi. Universitet 4 ta qitʼadagi (Shimoliy Amerika, Yevropa, Afrika va Osiyo) 9 ta davlatda (AQSH, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Shveysariya, Avstriya, Gretsiya, Xitoy, Singapur, Oʻzbekiston) 62 ta shaharda oʻz faoliyatini olib bormoqda. Uning 200 ga yaqin taʼlim dasturlari mavjud.

    Viloyat hokimi uchrashuvda yurtimizda, xususan, Fargʻonada ilm-fanga eʼtibor katta ekanligiga, bu amaliy natijalar bilan oʻz tasdigʻini topayotganiga mehmonlar diqqatini tortdi. Bunga misol tariqasida 2020-yilda Markaziy Osiyo shaharlari ichida ilk bor Fargʻonaning YUNESKO Taʼlim shaharlari global tarmogʻiga qabul qilinganini taʼkidladi.

    Viloyat hokimi, Margʻilon shahrida faoliyat boshlashi kutilayotgan “WEBSTER” universitetini kelgusida Fargʻona shahridagi 300 gektar maydonda 40 ming aholiga moʻljallab barpo etilayotgan ekoshaharga koʻchirilishi mumkinligini maʼlum qildi. Bu taklif universitet prezidenti Djulian Shuster tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilindi.

    Muloqotda yana bir jihat, oliygohga vodiy viloyatlari bilan bir qatorda qoʻshni Qirgʻiziston va Tojikistondan ham yigit-qizlar kelib taʼlim olishlari mumkinligiga eʼtibor qaratildi.

    Har ikki tomon ham hamkorlik jarayonlarini tezlashtirish, universitet filiali faoliyatini yoʻlga qoʻyish, talabalarga maksimum qulayliklar yaratish masalalari yuzasidan hamfikr ekanliklari qayd etildi, deb xabar beradi Fargʻona viloyat hokimligi matbuot xizmati.