Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Fargʻonada tibbiyot va energetika sohasida oʻz investitsion loyihalarini amalga oshirishga kirishayotgan Quvaytning “Energy Solutions” kompaniyasi bosh direktori Muhammed Sasa al-Salehni hamda ushbu kompaniyaning hamkori Saudiya Arabistonining “Johnsons Controls Arabia (York)” kompaniyasi vakillarini qabul qildi.
“Johnsons Controls Arabia (York)” aqlli texnologiyalarga asoslangan qurilish texnologiyalari, binolar uchun sovutish, isitish va ventilyatsiya tizimlarini ishlab chiqaruvchi yirik kompaniya boʻlib, Dubaydagi Burj Xalifa hamda Nyu-Yorkdagi Empayr-steyt-bilding osmonoʻpar binolari, Makka shahridagi Kaʼba binosi hamda Madina shahridagi Nabaviy masjidi kabi dunyodagi yuzlab yirik inshootlarda ushbu kompaniyaning tizimlari oʻrnatilgan.
Shuningdek, kompaniyaning Arabistondagi Qirol Abdulloh iqtisodiy shahrida 200 km. kv. maydonda joylashgan, dunyodagi eng yirik ishlab chiqarish korxonalaridan birida York markasi ostida konditsionerlar ishlab chiqariladi.
Viloyat hokimligida boʻlib oʻtgan uchrashuvda Fargʻona viloyati hududida hamkorlikda investitsion ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Fargʻonada barpo etilayotgan Ekoshahar uchun energiya sarfini 25-30 foizga qisqartirishni koʻzda tutgan kompleks energiya tejamkorligi tizimi joriy etish loyihasi yuzasidan ham fikr almashildi.
Yaqin davrda Fargʻona viloyati delegatsiyasining Qirol Abdulloh iqtisodiy shahridagi Johnsons Controls Arabia korxonasiga tashrifini tashkillash hamda muzokaralarni navbatdagi bosqichda davom ettirishga kelishib olindi.