Farg‘onadagi Koreya xalqaro universitetining yangi binosi foydalanishga topshirildi

    Fargʻona shahridagi Koreya xalqaro universitetida yangi oʻquv-amaliyot binosi foydalanishga topshirildi.

    Zamonaviy mezonlar asosida qurilgan amaliyot binosi avtomobil diagnostikasi uchun qoʻllaniladigan kompyuter qurilmalari va boshqa shu kabi zarur jihozlar bilan taʼminlangan. Shu tariqa bu yerda talabalarga nazariy bilimlarni bevosita amaliyot bilan uygʻun holda mustahkamlab borish imkoniyati yaratildi.

    Tadbirda soʻzga chiqqanlar soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Koreya Respublikasi oʻrtasida keng koʻlamli hamkorlik aloqalari rivojlanib borayotganini qayd etib, Fargʻona viloyatidagi mazkur universitetda duyonning ilgʻor taʼlim standartlari asosida yoʻlga qoʻyilgan oʻqitish tizimi hamkorlik aloqalarini sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarish hamda mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.

    Ayni paytda mazkur nodavlat oliy taʼlim muassasasidagi 12 ta fakultetda ikki ming nafarga yaqin talabalarga taʼlim berilmoqda. Shuningdek, bilim dargohida yoʻlga qoʻyilgan 3+1 qoʻshma taʼlim dasturi boʻyicha hozirda Koreyadagi hamkor universitetda 111 nafar talabalar tahsil olmoqda.

    Taʼlim muassasasida qariyb 60 nafar professor-oʻqituvchilar, shundan Koreyadan jalb etilgan 40 nafar va AQSHdan taklif etilgan 1 nafar xorijlik mutaxassislar pedagogik faoliyat bilan shugʻullanib kelmoqda.

    Joriy oʻquv yilida universitetni 565 nafar talaba tamomlab, yetuk mutaxassis sifatida oʻz mehnat faoliyatini boshlaydi.