“Bayram tantanalarida Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi”, deya xabar berdi Fargʻona viloyati hokimligi Axborot xizmati.
OʻFA vitse-prezidenti Odil Ahmedov, Birodar Abduraimov, Toʻlagan Isoqov va boshqa oʻzbek futbolining faxriy yulduzlari, futbol jamoatchiligi vakillari “Istiqlol” oʻyingohida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Fargʻona viloyati faxriylar terma jamoalari ishtirokidagi Doʻstlik turnirida ham boʻldi.
Har bir oʻyin bir taym 25 daqiqadan iborat boʻlgan turnirning dastlabki uchrashuvida Oʻzbekiston va Tojikiston faxriylar terma jamoalari maydonga chiqdi. Odil Ahmedov, Azamat Abduraimov, Shuhrat Maqsudov, Usmon Toshev kabi taniqli oʻzbek futbolchilari fargʻonalik muxlislar qarshisida ajoyib oʻyin namoyish etib, 1:0 hisobida ustun keldi. Yagona golga Odil Ahmedov mualliflik qildi.
Anvar Berdiyev, Akmal Xolmatov, Mansur Saidov, Sergey Lebedev kabi “Neftchi”ning yaqin oʻtmishdagi yulduzlari Abdusamad Doʻrmonov ustozligida Qirgʻiziston faxriylar terma jamoasiga qarshi maydonga chiqdi. Anvar Berdiyev va Sherzod Raimjonovning chiroyli gollari 2:0 hisobidagi viloyat jamoasi gʻalabasini taʼminladi.
Oʻzbekiston va Fargʻona viloyati faxriylar terma jamoalari oʻrtasidagi final uchrashuvi 0:0 hisobi bilan yakunlandi. Penaltilar seriyasida gʻalaba Oʻzbekiston terma jamoasiga nasib etdi: 4:2
Uchinchi oʻrin uchun bahsda tojikistonlik futbolchilar Qirgʻiziston jamoasi ustidan ishonchli gʻalaba qozondi: 3:0
Tadbir davomida futbol faxriylari va jonkuyarlariga koʻkrak nishoni va esdalik sovgʻalari topshirildi.
El suygan sanʼatkorlarning chiqishlari bayramga yanada koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi.