Fargʻonadan Navoiy viloyatiga Prezident sovgʻasi sifatida uzum koʻchatlari yuborildi

    Agrosektor 8 Dekabr 2021 1724

    Kecha Oltiariq uzumchilik tajribasini yanada ommalashtirish maqsadida Navoiy viloyatining Karmana tumaniga Prezident sovgʻasi sifatida 6 xil navdagi eksportbop uzum koʻchatlari joʻnatildi.

    Tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, tuman sektorlar rahbarlari, nuroniylar, qishloq xoʻjaligi mutaxassislari, dehqon va fermerlar ishtirok etdi.

    Oltiariqlik uzumchilik kooperatsiyasi rahbari Isajon Boymatov davlatimiz rahbari tomonidan soʻnggi yillarda uzumchilik yoʻnalishiga katta eʼtibor qaratilayotganligini, imtiyozlar berilayotganligini aytdi.

    - 10 gektar maydonga quduq qazish uchun 120 mln soʻm subsidiya ajratilyapti. Bu dehqon va fermerlarga juda katta imkoniyat. Ishchi oʻrni yaratib, eksport salohiyatimiz ortmoqda. Bugun Karmana tumaniga ham 200 gektardan ziyod maydonga ekish uchun Rizamat ota, Mersedes, Ketmonsopi, Husayni kabi 6 xil navdagi uzum koʻchatlarini yuboryapmiz. Oʻzimiz ham borib, Oltiariqdagi kabi bogʻlarni yaratishga hissamizni qoʻshamiz,-dedi Isajon Boymatov.

    Shu kuni keksalar ishtirokida duolar qilinib, uzum koʻchatlari ortilgan avtomashinalar karvoni Navoiy viloyatiga yoʻl oldi.

    Oltiariq tumani oʻzining uzumlari va uzumchilik maktabi bilan yurtimizda ham, xorijda ham mashhur. Viloyatdagi 7 ming 834 gektar uzum bogʻlaridan 2 ming 250 gektaridan ziyodi aynan Oltiariq tumanida joylashgan. Mamlakatimizda uzumchilikni rivojlantirishda ushbu tuman namuna sifatida olingan.