Fargʻonalik abituriyent qiz bir zumda ID kartaga ega boʻldi

    Ijtimoiy hayot 13 Iyun 2022 1670

    Fargʻonalik Muhayyo Abdurahmonova sanoqli daqiqalarda ID kartaga ega boʻldi. U Fargʻona shahar davlat xizmatlari markazida ID karta berish boʻyicha yoʻlga qoʻyilgan xizmatning birinchi mijozi.

    Uning orzusi oliy maʼlumotga ega boʻlish. Belgilangan qonunchilikka asosan, joriy yildagi oliy taʼlim muassasalariga imtihon topshirish uchun unga ID karta zarur.

    — Mehnat bandligi tizimida faoliyat olib boraman, — deydi Muhayyo Abdurahmonova. — Oilaviy sharoitim tufayli vaqtida oʻqiy olmaganman. Menimcha endi vaqti boʻldi. Shuning uchun menga ID karta zarur. Abituriyentlarning kartalar uchun ehtiyoji keskin ortib ketmasidan vaxtliroq “otni qamchiladim”. Markazda fuqarolar uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingan. Markaz xodimlari xush muomala. Ular fuqarolar bilan muloqotga koʻp kirishganlari tufayli deyarli psixologga aylanib qolishgan. Kimga qanday muomala qilishni yaxshi biladi. Mamnunman. Sanoqli daqiqalarda ID kartamga ega boʻldim. Endi esa koʻnglim toʻq. Bemalol imtihonlarga tayyorlanaveraman.

    Ushbu xizmatni sifatli koʻrsatish uchun Fargʻona shahar davlat xizmatlari markazida barcha shart-sharoit yaratildi. Zarur texnik asbob-uskunalar olib kelinib, oʻrnatilgan. Muhimi, ushbu xizmatdan markaz orqali foydalanish istagida boʻlgan fuqarolar onlayn tarzda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ham elektron ariza berishlari mumkin. Bunda fuqarolardan rasmiylashtirish ishlari uchun faqatgina fuqarolik pasporti talab etiladi va bir ish kuni muddatida ID karta qoʻlingizda boʻladi.

    Eslatamiz, joriy yil 1-yanvardan Oʻzbekiston fuqarosi, Oʻzbekistonda doimiy yashovchi chet el fuqarosi va fuqaroligi boʻlmagan shaxsning identifikatsiya ID kartasi hamda Oʻzbekiston fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish Davlat xizmatlari markazlari orqali ham amalga oshirilishi belgilangan. Fargʻona shahar davlat xizmatlari markazida ilk bor ID kartalarni rasmiylashtirish xizmati ishga tushirildi.

    Viloyatdagi mavjud markazlarda ayni damda fuqarolar va tadbirkorlar uchun qulay imkoniyatlar va sharoitlar yaratib berilgan. Masalan, oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish hududi, kutubxona, elektron auksionda ishtirok etish burchaklari mijozlar uchun tayyorlab qoʻyilgan.

    Bundan tashqari, tashrif buyuruvchilarning vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida viloyat boʻylab 10 dan ortiq tuman va shahar davlat xizmatlari markazlarida bepul Wi-Fi zonalari tashkil etilgan.

    Elyor Eksanov,

    Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi

    Jamoatchilik bilan ishlash boʻyicha

    yetakchi maslahatchisi.