Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Shveysariyaning “Globogate Concept AG” tashkiloti biznesni rivojlantirish direktori Yoxannes Meyerni qabul qildi.
Samimiy ruhda kechgan muloqotda fargʻonalik hamshiralarni Germaniyaga ishga jalb etish va viloyatda tibbiyot kollejini ochish masalalari muhokama qilindi.
“Globogate Concept AG” tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan hamkorlikda Germaniyaga hamshiralarni ishga jalb etib keladi.
500 nafar hamshirani Germaniyaga ishga taklif etish uchun Fargʻonada nemis tili kurslarini tashkil etish zarurligini qayd etgan Yoxannes Meyer, 10 oy davomida nemis tili kurslari bepul oʻrgatilishi hamda ushbu kurslarda qatnashgan hamshiralar Germaniyaga ishga joʻnatilishini maʼlum qildi.
Shuningdek, kompaniya nemis standarti asosida Fargʻonada oʻrta tibbiyot boʻgʻini kadrlarini tayyorlash loyihasini amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Dastlab Germaniya tajribasi asosida hamshiralar tayyorlash koʻzda tutilyapti.
Viloyat hokimi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda Margʻilon shahridagi Ibn Sino tibbiyot texnikumida oʻquv muassasasini tashkil etish mumkinligini bildirdi. Hamshiralarning nemis tilini oʻrganishlari uchun Fargʻona shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida zarur shart-sharoit mavjudligini taʼkidladi.