Fargʻonalik ishbilarmonlar Qirgʻizistondagi investitsion forumda

    Xalqaro hamkorlik 15 Oktabr 2021 1080

    Fargʻona viloyati delegatsiyasi Qirgʻizistonning Batken viloyatida oʻtkazilgan xalqaro investitsion forumda ishtirok etdi.

    Viloyat hokimining oʻrinbosari – viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshligʻi Iqboljon Ergashev boshchiligidagi Fargʻona viloyati delegatsiyasi Qirgʻiziston Respublikasining Batken viloyatida oʻtkazilgan xalqaro investitsion forumda ishtirok etdi.

    Batken shahridagi Drama teatri binosida tashkil etilgan anjumanda qatnashgan viloyat delegatsiyasi tarkibida Fargʻona viloyatining iqtisodiyot va investitsiya sohalariga daxldor tashkilotlari mutasaddilari va turli yoʻnalishlarda faoliyat olib borayotgan 10 nafardan ziyod fargʻonalik tadbirkorlar oʻrin oldilar.

    Forumni Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari, Qirgʻiziston Vazirlar Mahkamasi raisi vazifasini bajaruvchi Akilbek Japarov ochib berdi.

    Forum doirasida qishloq xoʻjaligi va sanoat mahsulotlari koʻrgazmasi ham tashkil etildi. Unda taqdim etilgan Fargʻona viloyatida yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari xalqaro forum ishtirokchilarida katta qiziqish uygʻotdi, deb xabar beradi Fargʻona viloyati hokimligi matbuot xizmati.

    Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi doimiy aloqalarning rivojlanayotgani, erishilgan kelishuvlar natijasida qoʻshni davlatga 2021-yilda Fargʻona viloyatidan yangi turdagi mahsulotlar: velosiped, baxmal, charm toʻplar va boshqa turli mahsulotlar eksporti yoʻlga qoʻyildi.