Baxtiyor Sheraliyev boshchiligidagi Fargʻona davlat universiteti ixtiolog olimlari Fargʻona vodiysi hamda Oʻzbekistonning boshqa hududlaridagi baliqlarning tur tarkibi, biologiyasi va ekologiyasiga oid qator tadqiqotlarni olib bormoqda.
– Soʻnggi bir necha yilda Markaziy Osiyo suv havzalarini ixtiologik jihatdan tekshirish jarayoni shuni koʻrsatmoqdaki, mintaqada hali oʻzining oʻrganilishini kutib turgan turlar talaygina. Oʻtgan yillar mobaynida Shohimardon daryosidan Triplophysa ferganaensis, Soʻx daryosidan esa Triplophysa daryoae kabi baliq turlarining kashf etilgani buni tasdiqlaydi. Soʻnggi tadqiqotlarimiz natijasi asosida esa Dzihunia pseudoamudarjensis turi kashf etildi. Eʼtiborli jihati shundaki, kashf etilayotgan turlarning aksariyati mintaqamiz endemiklari hisoblanadi, – deydi Baxtiyor Sheraliyev.
Yangi tur oʻzining urugʻdoshlaridan yon chizigʻidagi poralari soni (84-86 ta), ingichka dum bandi, orqa va anal suzgich qanotlarining pastligi hamda koʻzlararo masofasining yirikligi bilan farq qiladi. Yangi tur haqidagi maqola xalqaro “Zootaxa” jurnalida chop etildi.