Fargʻonalik oʻquvchi Harvard universitetiga 100 foizlik grant asosida qabul qilindi

    Fargʻona shahridagi Prezident maktabi 11-sinf oʻquvchisi Sobirova Dilafroʻz Salohiddin qizi AQSHning nufuzli Harvard universitetining Integrativ biologiya yoʻnalishiga qabul qilindi. U 4-yillik taʼlim uchun 100 foizlik grantni qoʻlga kiritdi.


    Dilafroʻz 2008-yil 1-aprel kuni Fargʻona viloyati Quva tumanida tugʻilgan. U xalqaro SAT imtihonida 1540 ball, IELTS imtihonida 8.0 ball natija qayd etgan. Shuningdek, u ingliz tili fan olimpiadasining viloyat bosqichida 1-oʻrinni egallagan hamda nemis tilidan B2 daraja sertifikatiga ega.

    Oʻquvchi maktabning eko-qoʻmita sardori boʻlib, xalqaro tanlov va dasturlarda faol ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, u maktabdagi eko-qoʻmita sardori, Yangi Oʻzbekiston universiteti tomonidan tashkillangan Hogwarts yozgi oromgohi ikki karra qatnashchisi, Hippo xalqaro ingliz tili olimpiadasi yarim-finalisti, Harvardning HPAIR konferensiyasiga qabul qilingan, Technovation Girls xalqaro tanlovining oʻquvchilar vakili va UNESCO tomonidan tashkillangan “Be an explorer” tanlovi finalisti. “Raqamli avlod qizlari” loyihasida chiqindilar muammosini hal etishga qaratilgan “EcoHelp” ilovasi bilan qatnashgan.

    Maʼlumot uchun, ayni paytda Prezident maktablari bitiruvchilari orasida Harvard universitetida tahsil olayotgan oʻzbekistonlik yoshlar soni ortib bormoqda. Bu esa mamlakatda taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasini koʻrsatmoqda..