Fargʻonalik yoshlar Germaniya kompaniyasida kasb-hunar oʻrganib ish bilan taʼminlanadi

    Xalqaro hamkorlik 28 Aprel 2023 1641

    Fargʻona viloyat hokimligi qabullar uyida viloyat hokimining oʻrinbosari Fayzullo Qosimov Germaniyaning “GfM Gruppe”kompaniyalar guruhi rahbari Matias Fraylingni qabul qildi.

    Uchrashuvda fargʻonalik yoshlarni Germaniyada kasb taʼlimi olib, tibbiyot, atrof-muhitni muhofaza qilish texnologiyalari, hunarmandchilik, logistika va boshqa koʻplab sohalarda yetuk mutaxassis boʻlib yetishish imkoniyatlari boʻyicha fikr almashildi.

    Fargʻonada ilk bor boʻlib turgan Matias Frayling, Germaniyada hunarmandchilik sohasi boʻyicha ishchi kuchiga talab yuqori ekanligini qayd etib, hamshiralik, mehmonxona, gastronomiya, IT yoʻnalishlari boʻyicha ham mutaxassislarga ehtiyoj katta ekanligini maʼlum qildi. Bunda mutaxassislar oliy maʼlumotli boʻlishlari talab etilmasligi, lekin B1 darajada nemis tilini bilishi kerakligi haqida aytib oʻtdi. Shu bois, maktab bitiruvchilari Germaniyaga borib kasb oʻrganishi va shu joyda toʻgʻridan toʻgʻri ishga ham taklif etilishi bildirildi. Mehmonlar barcha kerakli hujjatlar va savollar uchun maxsus dastur ishlab chiqilgani va hududlardagi uchrashuvlar davomida qiziqish bildirganlarga kerakli tushuntirishlar berilishini ham taʼkidladi.

    Viloyatdagi kasbga oʻrgatuvchi maktablar bilan aloqa oʻrnatish boʻyicha koʻmak berilishini qayd etgan Fayzullo Qosimov, nemis tili boʻyicha mutaxassislarga ehtiyoj borligini taʼkidlab, Fargʻonada ham “GfM Gruppe” kompaniyasining filialini ochishni taklif qildi. Shuningdek, germaniyalik mutaxassislar tomonidan onlayn tarzda oʻquvlar tashkil etilsa, har tomonlama koʻmak va sharoit yaratilishini aytib oʻtdi.

    Uchrashuvda ikki tomonning ilgari surilgan takliflari maʼqullanib, kelgusida hamkorlikda ish tashkil qilishga kelishib olindi, deb xabar beradi Fargʻona viloyat hokimligi matbuot xizmati.

    Maʼlumot oʻrnida, 1984 yilda tashkil etilgan “GfM Gruppe”mamlakatning turli hududlarida joylashgan kasb-hunar taʼlimi muassasalarining keng tarmogʻini tashkil qiladi. 500 dan ortiq malaka modullarini qamrab oladigan ushbu kasb-hunar oʻquv markazlarida turli faoliyat sohalari boʻyicha mutaxassislar tayyorlanadi. Xususan, shirkat oʻz tarkibida “Sky Academy” (kasb-hunar taʼlimi), “HR Arena” (salohiyatli yoshlarni yollash va kadrlar bilan ishlash), “GWP mbH” (ijtimoiy pedagogika), “WORKS GmbH” (chet elliklarning ijtimoiy integratsiyasi) va boshqa ixtisoslashgan muassasalarni birlashtirgan.