Muloqotda Farg‘ona shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida “Valley Euro School” tomonidan tashkil etilgan nemis tili o‘quv markazi faoliyatini tashkil etish jarayonlari haqida so‘z bordi.

Germaniyalik ishbilarmon birinchi bosqichda 7 oy davomida 40 nafar tinglovchi o‘qitilib, uni muvaffaqiyatli tamomlagan o‘rta tibbiyot va xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlariga maxsus sertifikatlar topshirilishini qayd etdi. Nemis tilini B2 darajasi imtihonidan o‘tgan Markaz bitiruvchilari kelgusida Germaniyada doimiy ish o‘rinlari bilan ta’minlanadi. 2022–2024 yillarga mo‘ljallangan loyiha doirasida jami 500 nafar yoshlarga nemis tilini o‘rgatish hamda ularning Germaniyada bandligini ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Ushbu loyihani amalga oshirish uchun “Ishga marhamat” monomarkazidan ikkita auditoriya ajratib berildi. Viloyat hokimi o‘rinbosari Iqboljon Ergashev bunday tashabbuslar munosib qo‘llab-quvvatlanishini, davlatlararo aloqalarni ham mustahkamlashini ta’kidladi. Uchrashuv yakunida ta’lim sohasida o‘zaro hamkorlik qilish bo‘yicha memorandum imzolandi.

O‘quv markazida mashg‘ulotlar nemis mutaxassis bilan birga tegishli til bilish darajasiga ega mahalliy o‘qituvchilar tomonidan ham olib boriladi. Karl-Xayns Yax bugun monomarkazda bo‘lib, bo‘lajak o‘qituvchilar hamda tinglovchilar bilan dastlabki tanishuv suhbatini o‘tkazdi.