Har goʻshada yangilanish, bunyodkorlik, yaratish shijoati hukmron. Odamlar tilida shukrona, dilida mamnunlik. Xalqimiz hayotimizda roʻy berayotgan oʻzgarishlar, farovonlik yoʻlida amalga oshirilayotgan tashabbuslardan mamnun.

Soʻnggi yillarda yurtimizning tobora chiroy ochib, ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlanib borayotgan hududlaridan biri Fargʻona viloyati va uning chekka-chekka qishloqlari, mahallalarida ham ushbu oʻzgarishlar ruhini sezish qiyin emas. Tuman va shaharlarda ham fuqarolarimiz turmushi farovonligini oshirishga xizmat qiladigan katta-katta oʻzgarishlar roʻy beryapti.

Avvalo, viloyatdagi iqtisodiy koʻrsatkichlarga qisqacha toʻxtaladigan boʻlsak, barcha sohada amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida keyingi olti yilda viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi 56 trillion soʻmni tashkil etib, 2016-yilga nisbatan 3,1 barobar oʻsdi. Ushbu koʻrsatkich bilan viloyatimiz respublikada 5 oʻrinni qayd etdi. Xususan, aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot hajmi 2022-yil yakuni bilan 14,2 million soʻmga yetkazilib, 2016-yilga nisbatan qariyb 3 barobar ortgan.

Mamlakatimizda tadbirkorlarga yaratilgan sharoitlar, berilgan imtiyozlar natijasida Fargʻonada tadbirkorlar soni 55,7 mingga yetdi va 2016-yilga nisbatan 2,3 barobar koʻpaydi. Shu davrda viloyatda tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashga 39 trillion soʻm kredit yoʻnaltirilgan.

Aholi bandligini taʼminlash borasida 2017–2022-yillarda 828,4 mingta ish oʻrni yaratilib, bu koʻrsatkich oldingi yillarga solishtirganda 18 barobar oshgan. 2022-yilning oʻzida hududda 559,3 ming fuqaro bandligi taʼminlangan. Birgina oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida fuqarolarga ajratilgan 3,3 trillion soʻm kredit hisobiga 155 mingdan ortiq aholi bandligi taʼminlangan.

Keyingi yillarda aksariyat sohalarga xorijiy investitsiyalarni kiritish hamda iqtisodiyotning rivojlanishini yangi bosqichga olib chiqish borasida tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu yoʻnalishda Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo va Islom taraqqiyoti banklari, boshqa xalqaro moliya institutlari hamda koʻplab xorijiy davlatlar bilan olib borilayotgan oʻzaro hamkorlik natijalariga koʻra, mamlakatimizda investitsiyalar hajmi yildan-yilga oshmoqda.

Jumladan, viloyatda amalga oshirilgan islohotlar natijasida xorijiy investitsiyalarni jalb etish koʻlami kengaymoqda, pirovardida, yangi quvvatlar ishga tushirilib, qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratilyapti. Jozibador investitsiya muhiti yaratilayotgani tufayli xorijiy investorlarning ham shu yerda biznes yuritishga intilishi ortib borayotganini kuzatish mumkin.

Bu borada 2016-yilda viloyat iqtisodiyotiga 5,1 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb qilingan boʻlsa, 2022-yilda 957,4 million dollar investitsiya oʻzlashtirilib, 2016-yilga nisbatan qariyb 190 barobar koʻpaygan.

Keyingi yillarda oʻzlari ishlab chiqargan mahsulotlarni eksport qilgan tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi islohotlar natijasida viloyatda ular soni 3 barobar koʻpayib, 779 taga yetdi. Taqqoslaydigan boʻlsak: 2016-yilda mahsulotlarini eksport qiluvchi tadbirkorlar 275 tani tashkil qilgan. Shunga mutanosib ravishda 2022-yilda viloyatda eksport hajmi 829,4 million dollarni tashkil etib, 2016-yilga nisbatan 2,1 barobar ortgan.

Biz bu raqamlarni bejiz keltirmadik. Ular – tilsiz. Shu bois, har bir raqam ortida odamlar hayoti farovonligi bilan bogʻliq katta oʻzgarishlar borligini teran tushunish uchun iqtisodiy yuksalish mohiyatini sharhlashga toʻgʻri keladi.

Eʼtibor bering, birgina 2022-yilning oʻzida Fargʻona viloyatida 559,3 ming fuqaro bandligi taʼminlangan. Bu yarim million atrofidagi oilalarga toʻkislik va hamjihatlik muhiti, ishonch ruhi, mehr rishtalari kirib keldi, degani. Zero, jamiyatda bir kishini rozi qilish qanchalik qiyin boʻlsa, uning samarasi shunchalik shukuhli hamdir. Demak, yarim million oila va ularda yashayotgan yoshu keksa qalbiga xotirjamlik bagʻishlash saodati jamiyatimizning mutlaqo yangi qiyofasiga asos boʻlayotgani ham bor gap.

Shundagina yuqorida keltirilgan har bir raqam va iqtisodiy yuksalish ortida hayot quvvati va kelajakka buyuk ishonch ruhi, yaratuvchanlik kayfiyati zohir ekanini anglash koʻp ham mushkul emasligini tushunamiz.

      Keyingi yillarda Fargʻona viloyati tom maʼnoda ijtimoiy yuksalish vodiysi sifatida ham boʻy koʻrsatdi. Ijtimoiy sohani rivojlantirish yoʻnalishida salmoqli ishlar qilindi. Masalan, viloyatda keyingi olti yilda 2690 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyati yoʻlga qoʻyilib, ular soni 3348 taga yetdi. Bu raqamlar maktabgacha taʼlim tashkilotlari 2016-yilga nisbatan 5,1 barobar koʻpayganini koʻrsatadi. Bolalarni bogʻchaga qamrab olish darajasi esa 34,2 foizdan 86,3 foizga oshirilib, bugungi kunda respublikada 1-oʻringa koʻtarildi.

Ayni paytda viloyatda 976 maktabda 675 ming oʻquvchi taʼlim olmoqda. Qolaversa, oʻtgan yillarda Fargʻona shahrida Prezident maktabi hamda viloyatning har bir hududida 1 tadan ixtisoslashgan maktab tashkil etilib, maktablar quvvati 2016-yilga nisbatan 128 ming 105 taga oshirildi.

Yana bir ustuvor masala, albatta, bu aholi salomatligini saqlashdir. Fargʻona viloyatida oʻtgan olti yilda tibbiyot muassasalari soni 1233 taga yetkazilib, 2016-yilga nisbatan 1,7 barobar koʻpaygan. Sohani rivojlantirishga 2022-yilning oʻzida 2,4 trillion soʻm ajratilib, ushbu koʻrsatkich 2016-yilga nisbatan 4,5 barobar oshgan.

Muhandislik tarmoqlarini yaxshilashga oʻtgan olti yilda qariyb 3,2 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan.

Buning hisobiga:

– ichimlik suvi taʼminoti darajasi 2016-yildagi 58 foizdan 76,3 foizga koʻtarildi;

– yoʻl infratuzilmasi aholi va transport vositalari harakatlanishiga qulay sharoit yaratish maqsadida viloyatdagi 5,5 ming kilometr uzunlikdagi yoʻllarda qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirilib, 2016-yilga nisbatan 11 barobar koʻp mablagʻ sarflandi;

– elektr taʼminotini yaxshilash maqsadida 5 ming kilometr elektr tarmogʻi, 1320 transformator punktini qurish va taʼmirlashga 2016-yilga nisbatan 5 barobar koʻp mablagʻ yoʻnaltirildi.

Fargʻonada 300 gektarli ulkan may­donda jadal qurilish ketmoqda. Bu yerda 65 mingdan ziyod aholiga moʻljallangan 298 ta koʻp qavatli uy bunyod etiladi. Aholi zich yashaydigan shahar va viloyat uchun bu muhim ijtimoiy ahamiyatga ega. Bu yil massivda 73 ta uy barpo etil­moqda. Ularning dastlabkilari foydalanishga topshirildi.

Shuningdek, hududda maktablar, mak­tabgacha taʼlim va tibbiyot muassasa­lari, savdo va maishiy xizmat shoxob­chalari, sport majmualari qad rostlaydi. 50 gektarda tashkil etiladigan kichik sa­noat zonasi aholini ish bilan taʼminlashda muhim oʻrin tutadi. Massiv oʻziga xos ekoshahar boʻladi — 70 gektar maydonda “Yangi Oʻzbekiston bogʻi” va sunʼiy koʻl barpo qilinadi. Boʻsh maydon­larga ham daraxtlar ekilib, sunʼiy koʻl atrofida soʻlim xiyobon tashkil etiladi.

Men Fargʻona farzandiman. Shu goʻzal vodiyda bolaligim, oʻsmirlik chogʻim oʻtgan. Uning har bir guli, mevasi, totli suvi, bir tishlam noni men uchun aziz. Viloyatda bitta oʻzgarish boʻlsa, qalbim togʻdek yuksaladi, bir kamchilik koʻrsam, yuragim achiydi. Shu bois, keyingi yillarda Fargʻonada boʻlayotgan oʻzgarishlar bilan haqli ravishda faxrlanish va gʻururlanishga oʻrganib qoldik. Odamlar hayoti oʻzgardi, dunyoqarashi, fikrlashi oʻzgardi.

Buni hozir biz tahlil qilgan ijtimoiy sohadagi oʻzgarishlar misolida ham tahlil qilish mumkin. Bundan bir-necha yil oldin fargʻonalik odamlarni farzandi taqdiri koʻp oʻylantirar, chunki bolalarning yarmidan koʻpi bogʻchaga bormas, maktablar xarob ahvolda edi. Ishsizlik muammosi esa avjiga chiqqan, norgʻul, ayni kuchga toʻlgan yigitlar oilasini boqish uchun chet ellarda sarson-sargardon yurishga majbur boʻlardi. Bundan kim aziyat chekadi? Albatta, shu yigitlarning ota-onasi, yoru birodari, farzandlari. Bora-bora bu vaziyat odamlar oʻrtasida chuqur tushkunlik kayfiyatini sodir etdi. Jamiyatdan, hayotdan, davlatdan norozilik kayfiyatini vujudga keltirdi.

Bugun ijtimoiy sohadagi oʻzgarishlar mana shu kabi noxush manzaralarni tubdan oʻzgartirib yubordi. Yuqoridagi raqamlardan ham koʻrinib turibdiki, keyingi yillarda maktabgacha va maktab taʼlimi, sogʻliqni saqlash, ijtimoiy himoya vositalari joy-joyiga tushgan. Yaʼni, Oʻzbekiston tom maʼnoda ijtimoiy davlat vazifasini toʻlaqonli bajara boshladi.

  Albatta, barcha xayrli ishlar, avvalo, aholining hayot sifatini oshirish, oilalar farovonligini taʼminlashga zamin boʻlmoqda. Shu bilan birga, aholini rozi qilish, bu siyosatni hayotga toʻliq tatbiq etish borasida hali koʻplab qiladigan ishlarimiz bor. Prezidentimizning Fargʻona viloyatidagi saylovchilar bilan uchrashuvida hamda joriy yil 27–28-iyul kunlari viloyatga tashrifi chogʻida bu boradagi ustuvor vazifalar belgilab berildi.

Xususan, saylovchilar bilan uchrashuvida “Yangi Oʻzbekistonni xalqimiz bilan birgalikda quramiz!” degan gʻoyani mujassam etgan saylovoldi dasturi doirasida Fargʻona viloyatini kelgusi yetti yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan qator tashabbuslar ilgari surildi. Unga koʻra, Fargʻona viloyatida keyingi yetti yilda 2 mingta davlat va xususiy bogʻchalar tashkil etilishi, yangi maktablar qurish va mavjudlarining quvvatini oshirish, xususiy sektorni qoʻllab-quvatlash hisobiga qoʻshimcha 125 ming oʻquvchi oʻrni yaratish vazifasi belgilandi.

Qolaversa, keyingi yillarda xususiy sektor ishtirokida 300 dan ziyod klinika, Fargʻona shahrida ming oʻringa moʻljallangan koʻp tarmoqli tibbiyot klasteri faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Yana bir muhim masala – aholini uy-joy bilan taʼminlash borasida ham ulkan vazifalar belgilab olindi. Yaʼni kelgusi yetti yilda viloyatda 2,5 mingta koʻp qavatli uylar qurilishi hisobiga, 100 ming oila shinam uy-joyga ega boʻladi. 5 ming kilometr uzunlikda ichimlik suv tarmogʻi barpo etilib, viloyatda toza ichimlik suvi bilan taʼminlash darajasi 96 foizga yetkaziladi.

Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash izchil davom ettiriladi. Viloyatga kelgusi yetti yilda 18 milliard dollar investitsiya jalb qilinib, 10 mingta loyiha ishga tushiriladi. Shuningdek, 30 ta sanoat zonasi tashkil etilib, ularda 50 ming yuqori daromadli ish oʻrinlari yaratiladi.

Prezidentimiz odamlar turmushini yaxshilashda mahallalarni markaziy boʻgʻinga aylantirish, aholi daromadini oshirish orqali ehtiyojmand oilalar sonini keskin kamaytirishga qaratilgan qator maqsad va vazifalarni ham belgilab berdi. Umuman, Fargʻonani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun yetti yillik dastur qabul qilinib, unga jami 28 milliard dollardan ziyod mablagʻ yoʻnaltirish rejalashtirilgani taʼkidlab oʻtildi.

Qishloq xoʻjaligi sohasini yanada rivojlantirish masalasi ham ustuvor ahamiyat kasb etadi, albatta. Ushbu yoʻnalishda viloyatda 2030-yilgacha bir gektardan olinadigan oʻrtacha daromadni 2,5 barobar oshirib, 7 ming dollarga yetkazish, eksportni esa 10 milliard dollarga chiqarish, sohaga 15 milliard dollar investitsiya jalb qilish moʻljallanmoqda.

Bunga erishish uchun albatta katta ishlar amalga oshirilishi kerak. Avvalo, qishloq xoʻjaligini iqlim oʻzgarishlariga moslashtirish, ilgʻor xorijiy tajriba asosida alohida dastur ishlab chiqilib, yer unumdorligini oshirish, eroziyadan himoyalash, degradatsiyaga uchragan yaylovlarni qayta tiklash kabi masalalar hal qilinishi muhim ahamiyat kasb etadi. Barcha ekin maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalar joriy etilishi va suv yetkazishdagi yoʻqotishlarning oldini olish maqsadida yopiq quvurlar tizimi qoʻllanilishi lozim boʻladi.

Shuningdek, viloyatda kelgusi yetti yilda 100 ta zamonaviy agrologistika markazi barpo etilib, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash darajasi hozirgi 8 foizdan 25 foizga oshirilishi rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, bir qator hal etilishi lozim boʻlgan muammolar yigʻilib qolgani, ularni hal etish uchun mutasaddilarning masʼuliyatini yanada oshirish borasida gap bordi.

Buning uchun viloyatning ishga solinmagan imkoniyatlarini aniqlash va ularni roʻyobga chiqarish boʻyicha har bir tuman va shaharga respublikadan masʼullar biriktirilgan. Ular tomonidan 2 milliard dollarlik qoʻshimcha zaxiralar aniqlangan va tadbirkorlar bilan uchrashib, loyihalar shakllantirilgan. Ushbu ishlarni samarali amalga oshirishda biz, deputatlar ham bor kuch-imkoniyatimizni ishga solamiz, albatta.

Prezidentimiz lavozimga kirishish tantanali marosimiga bagʻishlangan Oliy Majlis palatalari qoʻshma majlisidagi nutqida “Yangi davr uchun yangi gʻoya va tashabbuslar kerak, yangi natijalar kerak. Shundagina u tom maʼnoda yangi davr boʻladi... Oʻzini oʻzgartira olgan xalq, hech shubhasiz, hayotni ham, ijtimoiy muhitni ham oʻzgartira oladi, oʻz murod-maqsadlariga albatta yetadi”, dedi.

Bugun barcha yurtdoshlarimiz qatori fargʻonaliklar ham shu gaplarning bor hikmatini aniq anglab yetmoqda. Bu barcha darajadagi rahbarlardan tortib, oddiy odamlar fikru tafakkurigacha yetib borayotgani Fargʻonaning yangi islohotlar shukuhiga choʻmayotganida, hayotning kun sayin yaxshi tomonga oʻzgarayotganida ham aks etadi.

Xulosa oʻrnida shuni taʼkidlashni istardikki, mamlakat miqyosida kechayotgan yangilanishlarning hududiy inʼikosi jamiyatimizning yangi qiyofasiga asos solmoqda. Axir oʻzingiz oʻylab koʻring, bir oilada farovonlik taʼminlansa, uning ortidan qancha-qancha odamlar xotirjamligi taʼminlanadi. Agar bu formulani mahalla, undan chiqib, qishlogʻu shaharlar va butun mamlakat miqyosida koʻrib chiqsak-chi?

Shunda bugungi hayotimizning kechagi kunlarimizdan farqli jihatlarini koʻramiz va his etamiz. Shunda har birimizning qalbimizda shukronalik hissi joʻsh uradi, bugungi farovon hayotimiz qadrini anglab yeta boshlaymiz.

Bugun mamlakatimizda barcha sohadagi islohotlar chuqurlashib, fuqarolarimiz ongu tafakkurida kechayotgan oʻzgarishlar yurtimiz qiyofasida oʻz ifodasini topmoqda. Shu bilan birga, joylarda hali qilinadigan ishlar ham talaygina. Xalqimizni rozi qilish, turmush sharoitini yaxshilash, hududlar iqtisodiyotini yanada yuksaltirish borasida barcha masʼullar birdek harakat qilishi va albatta, aholining taklif va tavsiyalarini inobatga olgan holda sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish borasidagi ishlarni ham jadallashtirishi lozim boʻladi.

Mavluda XOʻJAYEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi raisi