Fargʻonaning uchinchi anklav hududida sayyor qabul oʻtkazildi

    Mamlakatimizda 25 Avgust 2022 1535

    Fargʻona viloyatining togʻlar bagʻridagi Soʻx, Shohimardon kabi anklav hududlar qatorida Rishton tumanining “Choʻngʻara” mahalla fuqarolari yigʻinini ham sanab oʻtish mumkin.

    Choʻngʻara qishlogʻi geografik joylashuvi jihatidan juda noyob. Bu yerda Qirgʻiziston va Oʻzbekiston chegaralarini qatʼiy belgilash juda mushkul. Yerlari kabi ikki xalq bir biriga quda anda boʻlib ketishgan. Bularni chinakamiga et bilan tirnoq, deyish mumkin.

    Chor tarafi qoʻshni Qirgʻiziston chegaralari bilan uygʻunlashib ketgan bu qishloq aholisi uchun viloyat adliya boshqarmasi tashabbusi bilan sayyor qabul tashkil etildi.

    Mustaqilligimizning 31 yillik shodiyonalari arafasida “Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz!” shiori ostida tashkil etilgan sayyor qabulda Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi mutasaddilari bilan birgalikda, Rishton tuman ichki ishlar boʻlimining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish vakillari, tuman xalq qabulxonasi, Xalq deputatlari Rishton tuman Kengashi deputatlari, kadastr, tibbiyot birlashmasi kabi oʻndan ortiq tashkilot va idora xodimlari ishtirok etdi.

    — Sayyor qabul davomida 120 dan ortiq fuqarolarning murojaatlari oʻrganildi, — deydi Rishton tuman adliya boʻlimi boshligʻi Murodjon Qodiraliyev. — 100 nafar choʻngʻaraliklarning doimiy yashash uchun roʻyxatga qoʻyilishi taʼminlandi, 30 nafar talabgorlarga xorijga chiqish biometrik pasportlari topshirilishi, 15 nafar fuqarolarga fuqarolik pasporti rasmiylashtirish uchun hujjatlar tayyorlandi. Shuningdek, davlat xizmatlari markazi tomonidan koʻchma mobil avtobus orqali 20 ga yaqin 6 turdagi xizmatlar koʻrsatildi.

    Taʼkidlash joizki, fuqarolardan kelib tushgan murojaatlarning aksariyati joyida ijobiy hal etildi, muddat va mablagʻ talab etiladigan murojaatlarning ijrosi nazoratga olindi. Tuman adliya boʻlimi yuridik markazi tomonidan ushbu qizil hududga kiritilgan mahalla fuqarolar yigʻinidagi 44-umumtaʼlim maktabi va davlat maktabgacha taʼlim muassasasini “Ye-huquqshunos” tizimi orqali hujjat aylanish tizimi toʻliq ishga tushirilishi taʼminlandi.

    Eʼtiborli jihati shundaki, sayyor qabul davomida quyidan yuqoriga tamoyili ostida aholining qonunchilikka kiritiladigan oʻzgarishlari yuzasidan takliflari ham tinglandi. Aholining Oliy oʻquv yurtlariga qabul uchun anklav hududlarga ajratilayotgan kvotalar, er va xotinlarning ikki davlat fuqaroligiga oid koʻplab fikrlar,takliflar va mulohazalari eshitildi.

    Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi.