Kelgusi besh yilda Fargʻona viloyatida jami 30 ming kvartirali 700 ta koʻp qavatli uylar quriladi. Bu – oldingi yillarga nisbatan 3 barobar koʻp, degani.

Bunda 2,5 mingta uy-joy ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan yolgʻiz ayollar, ehtiyojmand oilalar va nogironligi boʻlgan fuqarolarga beriladi.

Shuningdek, kelgusi besh yilda 14 mingdan ziyod oilaga ipoteka krediti boʻyicha 680 milliard soʻmlik subsidiyalar ajratiladi.

Shu bilan birga, viloyat hududlaridagi eskirgan 200 ta 2-3 qavatli uylar oʻrnida, renovatsiya dasturlari asosida 7-12 qavatli uy-joylar qurilishi rejalashtirilgan.

Bagʻdod tumani “Guliston” mahallasida barpo qilingan shaharcha namunasi asosida Yozyovon, Oltiariq va Fargʻona tumanlarida ham kamida 4-5 ming xonadonli “yoʻldosh” shaharchalar bunyod etiladi.

Qoʻqon va Margʻilon shaharlari qoʻshni tumanlar hisobiga kengaytiriladi, 600 gektardan ortiq hududda yirik uy-joy massivlari va sanoat zonalari tashkil qilinadi.

Fargʻona shahrida 300 gektar maydonda 40 ming aholiga moʻljallangan zamonaviy “Eko shahar” barpo etiladi. Bunda 25 qavatgacha boʻlgan uylar, ijtimoiy infratuzilma obyektlari, 70 gektar maydonda “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi bunyod qilinadi.

Shaharda har yili 1 milliondan ortiq daraxt ekilib, Fargʻonaning “yashil shahar” maqomi qayta tiklanadi.