Xususan, hududlar kesimida olganda mahalliylashtirish darajasi mutlaqo qoniqarsiz. Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm, Buxoro va Fargʻona viloyatlarida isteʼmol qilinadigan dorining atigi 2-5 foizi mahalliy ishlab chiqaruvchilar hissasiga toʻgʻri keladi. Shu bois, dori vositalariga talabni oʻrganib, ularni mahalliylashtirish chora-tadbirlari belgilangan, xususan, joriy yilning oʻzida 80 million dollarlik 34 ta loyiha rejalashtirilgan.
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilgan davra suhbatida farmatsevtika sohadagi bugungi holat hamda ushbu yoʻnalishdagi tadbirkorlarning sohadagi muammolarini aniqlash, takliflarini oʻrganib chiqish masalalari muhokama etildi. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Davlat soliq va bojxona qoʻmitalari, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi, “Dori-Darmon” AJ mutasaddilari hamda yurtimizda dori vositalari va tibbiyot buyumlari ishlab chiqarish, shuningdek ulgurji savdo faoliyati bilan shugʻullanuvchi 150 nafar tadbirkorlik subyekti ishtirok etishdi.
Shu bilan birga, Savdo-sanoat palatasining 14 ta xududiy boshkarmasi binolaridan onlayn tarzda ZOOM platformasi orqali farmatsevtika sohasida faoliyat yuritib kelayotgan 140 nafar nufuzli tadbirkorlar qatnashdi.
Uchrashuvning muhim maqsadlaridan biri – tadbirkorlarga farmatsevtikaga oid tizimli muammolar va konstruktiv yechimlarni ochiq muhokama qilish uchun maydon yaratishdan iborat.
Konstruktiv ruhda, qizgʻin savol-javob koʻrinishida oʻtgan davra suhbatidan soʻng, dori vositalarini markirovkalash tizimini joriy etish uchun zarur boʻlgan axborotlar berib oʻtildi.
Tadbir davomida muhokama qilingan yoʻnalishlar boʻyicha tadbirkorlik subyektlarining takliflari umumlashtirish, tahlil qilish va yuqori tashkilotlarga taqdim qilish uchun yigʻib olindi.