Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi ogohlantirish bilan chiqdi

    DXX chortoqlik feldsher tomonidan yashirin sex sharoitida tayyorlangan “Zodak”, “Anaferon”, “Xilak Forte” va “Vitamin B6" nomli qalbaki dori vositalari Andijon, Fargʻona va Toshkent shaharlaridagi dorixonalarda sotuvga chiqarilganini aniqlagandi.

    Ushbu xabar yuzasidan, SSV huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi Oʻzbekiston Respublikasi hududida dori vositalari va tibbiyot buyumlarning ulgurji va chakana savdosi bilan shugʻullanuvchi (idoraviy mansubligi, mulkchilik va xoʻjalik yuritish shakllaridan qatʼi nazar) barcha tashkilotlarni ogohlikka chaqirib, quyidagilarni maʼlum qilmoqda:

    "Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisidagi qonun va qonunosti hujjatlariga, shuningdek, dori vositalari va tibbiy buyumlar muomalasini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga majburiy rioya etish farmatsevtika sohasida litsenziya talablari va shartlari etib belgilangan.

    “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati” toʻgʻrisidagi qonunning 20-moddasiga muvofiq, sifatsiz, qalbakilashtirilgan, Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilmagan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilgan dori vositalarining gʻayriqonuniy nusxalarini xarid qilish, chakana realizatsiya qilish hamda ulardan foydalanish taqiqlanadi.

    Shu oʻrinda, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisida yagona nizom”ga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilmagan, sifatsiz, qalbakilashtirilgan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilgan dori vositalarining gʻayriqonuniy nusxalarini saqlash va (yoki) realizatsiya qilish litsenziya talablari va shartlarini qoʻpol ravishda buzilishi hisoblanib, litsenziyaning amal qilishini belgilangan tartibda toʻxtatilishiga olib kelishini eslatib oʻtamiz.

    Yuqoridagilarga asosan, mazkur litsenziya talablari va shartlarini buzgan dori vositalari va tibbiy buyumlarning ulgurji va chakana savdosi bilan shugʻullanuvchi (idoraviy mansubligi, mulkchilik va xoʻjalik yuritish shakllaridan qatʼi nazar) barcha tashkilotlarni faoliyat uchun berilgan litsenziyasi bekor qilinib, qatʼiy choralar koʻrilishi toʻgʻrisida ogohlantiramiz", deyiladi Markaz matbuot xizmati xabarida.