Farmasevtika texnik universiteti tashkil etilmoqda

    Universitetda ta'lim jarayoni 2022/2023 o'quv yilidan boshlanadi.

    Vazirlar Mahkamasining 17.05.2022-yildagi “Tashkent Pharma Parkinnovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmasevtika klasterida Farmasevtika texnik universiteti faoliyatini tashkil etish to'g'risida”gi 263-son qarori qabul qilindi.

    Prezidentning “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini tashkil etish to'g'risida” 2020-yil 28-yanvardagi PQ-4574-son qarori bilan Toshkent viloyati Zangiota tumanida “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini tashkil etish nazarda tutilgan.

    Klaster negizida o'z infratuzilmasiga ega bo'lib, unga ilmiy-tadqiqot markazlari va laboratoriyalar, o'quv-ilmiy laboratoriyalari va vivariylar, farmakopeya markazi, mehmonxonaga ega simpoziumlar markazi, talabalar, o'qituvchilar va chet ellik xodimlar uchun turar joy, sport-sog'lomlashtirish majmuasi, suv havzasi va stadion kiritilgan Farmasevtika texnik universitetini tashkil etiladi.

    Quyidagilar Universitetning asosiy vazifalari va faoliyat yo'nalishlari etib belgilandi:

    • dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ishlab chiqarish, kosmetologiya, tarmoq va biznesni boshqarish sohalarida xalqaro ta'lim standartlariga muvofiq malakali kadrlar tayyorlash;
    • farmasevtika tarmog'ida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va modernizatsiya qilishga yo'naltirilgan innovatsion va samarali ta'lim dasturlari va o'qitish shakllarini joriy etish;
    • ta'lim va fanning uzluksizligi va uzviyligi, shuningdek, ularning jahon ta'limi va ilmiy hamjamiyatga integratsiyalashuvi hisobiga mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshirish;
    • farmasevtika ta'limi, fan va ishlab chiqarishning yaqin integratsiyasi uchun shart-sharoitlar yaratish va boshqalar.

    Klasterning o'quv qismini yaratish bo'yicha loyihani moliyalashtirish uchun Koreya Eksimbankining Iqtisodiy rivojlantirish va hamkorlik jamg'armasi (EDCF) O'zbekistonga 40 yil muddatga 10 yillik imtiyozli davr bilan 83,7 million dollar miqdorida kredit taqdim etdi.

    Universitetda ta'lim jarayoni 2022/2023 o'quv yilidan boshlanadi hamda bakalavriat ta'lim yo'nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga qabul qilish shartlari, ta'lim olish shakli va ta'lim tili hamkor universitetlar bilan kelishgan holda aniqlanadi.