Prezidentimizning joriy yil 31-mart kuni Xoʻjand shahrida Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan uch tomonlama uchrashuvi tarixiy voqeadir. Mazkur uchrashuv jadallik bilan rivojlanayotgan dunyoda uch davlat oʻz birdamligi va birodarligini koʻrsata olgani bilan muhim ahamiyat kasb etdi.
Uch davlat tutashgan chegarada Doʻstlik stelasi ochilgani Markaziy Osiyo xalqlarining zamonlar osha birodar boʻlib kelayotganining yuksak namunasi boʻldi. Muqaddas va tabarruk kunlarda bunday xayrli ishga qoʻl urilgani mamlakatlararo totuvlikni taʼminlashda, bir tanu bir jon boʻlib, hamkorlikni davom ettirish lozimligini namoyon qiluvchi omildir.
Prezidentimiz uch davlat chegaralarining tutash nuqtasi toʻgʻrisidagi shartnoma imzolanishi yechimini kutayotgan masalalarni uzil-kesil hal etish, barqaror va izchil taraqqiyotni taʼminlashda katta rol oʻynashini, bu butun mintaqaning xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilayotgan tarixiy voqea ekanini bildirdi. Bundan buyon chegaralar birodarlik chiziqlari, yangi imkoniyatlar, bunyodkorlik va hamkorlik makoniga aylanishini taʼkidladi. Endilikda Markaziy Osiyo xalqlarining birlikda katta kuch boʻlib harakat qilishi davlatlar taraqqiyoti uchun muhim ekaniga urgʻu berdi.
Shuningdek, uchrashuvda Prezidentimiz bundan keyin bajariladigan ishlar va tomonlarning birgalikdagi harakatlari toʻgʻrisidagi masalalarni muhokama qildi. Jumladan, chegaradosh hududlar hamkorligini rivojlantirishga alohida eʼtibor berilib, chegaralardagi bojxona punktlarini kompleks modernizatsiya qilish va kengaytirish, zamonaviy savdo va logistika infratuzilmasini shakllantirish, uch tomonlama savdo maydonchasi tashkil etib, sanoat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining doimiy faoliyat koʻrsatadigan koʻrgazma-yarmarkasini yoʻlga qoʻyish belgilandi. Mamlakatlar oʻrtasida savdo-sotiq, turizm sohasida transport aloqalarini rivojlantirish borasidagi ishlarni davom ettirish, aviaqatnovlar sonini koʻpaytirish va geografiyasini kengaytirish, chegaraoldi hududlardagi shaharlar oʻrtasida yangi avtobus yoʻnalishlari ochish kabi masalalar koʻrib chiqildi.
Global boʻlib turgan “yashil” energetika va transport sohalaridagi yirik mintaqaviy loyihalar, suv va ekologiya dasturlarini rivojlantirish muhim masalalardan ekaniga urgʻu berilib, iqtisodiy yoʻnalishda yanada faol ishlash, xalqlar farovonligini oshirishga qaratilgan ustuvor vazifalar darajasini oshirish lozimligi aytildi.
Mazkur tarixiy voqea mushtarak maqsad ostida birlashgan xalqlarimiz oʻrtasidagi tarixiy, madaniy va siyosiy aloqalar mustahkamlanishining amaliy koʻrinishidir. Yaqin qoʻshnichilik va strategik sheriklik, barqaror rivojlanish va taraqqiyotni nazarda tutadigan ishlar xalqlarimiz oʻrtasidagi madaniy aloqalarda ham yaqqol koʻzga tashlanadi.
Tarixiy uchrashuv doirasida uch mamlakat madaniyat va sanʼat ustalari konserti oʻtkazildi. Davlatimiz rahbari bu dastur ham madaniyatlarimizning boyligi, rang-barangligi va mushtarakligini yana bir bor namoyish etganini taʼkidladi.
Prezidentimiz har yili Navroʻz bayrami kunlarida chegaraoldi hududlarda qoʻshma konsert va doʻstlik festivallari oʻtkazish taklifi bilan chiqdi, shuningdek, keyingi yili mazkur tadbirni soʻlim Fargʻonada tashkil qilish taklifini berdi.
Insoniyat uchun tarix har doim eng katta hayot sabogʻini berib kelgan. Oʻz tarixini unutmagan xalqning kelajagi ham porloq boʻladi. Uchrashuvning muhim nuqtasi boʻlgan Xoʻjand qalʼasiga tashrif uch mamlakat rahbarlarida iliq taassurot qoldirdi. Tarixi miloddan avvalgi IV-V asrlarga borib taqaladigan qalʼada taʼmirlash ishlaridan keyin uning devorlari, ark va darvozalari qayta tiklangani, 28 mingdan ortiq eksponati mavjud boʻlgan oʻlkashunoslik muzeyi ochilgani tojik xalqining oʻz tarixiga, tarixiy maskanlariga doimo hurmatda ekanini namoyon qiladi.
Davlat rahbarlari tashrif doirasida uch mamlakat hunarmandligi, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va milliy taomlari koʻrgazmasini tomosha qildi. Albatta, xalqlarimizning dini, taqdiriyu tarixi ularni oʻzaro birlashtirib turuvchi nuqta boʻlib xizmat qiladi, qolaversa, sanʼatimizning yaqinligi uning insonlarni birlashtirish, hamjihat boʻlib yashashlariga koʻmaklashadi.
Prezidentimiz Tojikistonga tashrifi davomida Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan ham uchrashib, ikki mamlakat oʻrtasidagi muhim strategik aloqalarni muhokama qildi. Ulardan eng muhimi yaqin kunlarda ikki mamlakat oʻrtasida Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisida shartnomaning imzolanishi haqidagi quvonchli xabardir. “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusi doirasidagi Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston temir yoʻli qurilishini jadallashtirish muhim ekani, hududlar oʻrtasidagi faol aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish har qachongidan koʻra zarur ishlardan sanalishi aytildi. Koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari izchil kengayib, mustahkamlanib borayotgani xalqlarimiz oʻrtasidagi aloqalar mustahkamlanishida katta hissa qoʻshishi taʼkidlandi. Endilikda sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilgan munosabatlarning barcha yoʻnalishlarida hamkorlik koʻlamini kengaytirish lozimligi ikki mamlakat taraqqiyoti uchun zarurligi aytib oʻtildi.
Tashrif doirasida Oʻzbekiston bilan Tojikiston oʻrtasida Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi shartnoma kuchga kirdi. Taʼkidlash kerakki, birgina 2024-yilda 700 million dollardan oshgan tovar ayirboshlash hajmi sanoat, energetika, toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi va boshqa ustuvor sohalarda kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilib kelinayotganini namoyish etmoqda. Bu kabi hamkorlik butun Markaziy Osiyo uchun manfaatli boʻladi. Uchrashuvda taʼkidlanganidek, “Endi bu goʻzal zaminni bugungi va kelajak avlodlar munosib va baxtli yashashi uchun birgalikda obod qilish bizning burchimizdir”.
Yangi Oʻzbekiston bugungi kunda nafaqat oʻz zaminida, balki mintaqamizdagi yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarida xalqlarning farovonligi, barqaror tinchligi, hamjihatlikda yashashi uchun ildam qadam tashlashda davom etadi. Zero, tinchlik va totuvlik, birdamlik bor joyda yuksalish, taraqqiyot va rivojlanish boʻladi.
Bahodir MAʼMUROV,
pedagogika fanlari doktori,
professor









