Farzand asrab olish tartibi qanday?

    Fikr 12 Aprel 2022 29200

    Farzandlikka olish bolani farzandlikka olishni istagan shaxslarning (shaxsning) arizasiga koʻra vasiylik va homiylik organlarining farzandlikka olishning asosliligi va farzandlikka olinayotgan bola manfaatlariga toʻgʻri kelishi haqidagi xulosasi hisobga olingan holda sud tomonidan amalga oshiriladi. Aka-ukalar va opa-singillarni turli shaxslar tomonidan farzandlikka olishga, qoida tariqasida, yoʻl qoʻyilmaydi.

    Kimlar farzand asrab ololmaydi?

    • ota-onalik huquqidan mahrum qilingan yoki ota-onalik huquqi cheklanganlar;
    • muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganlar;
    • asab kasalliklari yoki narkologiya muassasalarida roʻyxatda turuvchilar;
    • qasddan sodir qilgan jinoyatlari uchun ilgari hukm qilinganlar;
    • farzandlikka olganligi bekor qilingan sobiq farzandlikka oluvchilar.

    Kimlar farzandlikka olishda ustunlik huquqiga ega?

    • farzandlikka olinuvchining qarindoshlari;
    • farzandlikka olinuvchi bola oilasida yashayotgan shaxs;
    • aka-uka, opa-singillarni ular oʻrtasidagi qarindoshlik aloqalarini buzmasdan farzandlikka olayotgan shaxslar;
    • oʻgay ota va oʻgay ona;
    • Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari;
    • kasallik, baxtsiz hodisa oqibatida farzandlaridan ajralgan shaxslar.

    Farzandlikka olinayotgan bolaning farzandlikka olinishiga roziligi:

    10 yoshga toʻlgan bolani farzandlikka olish uchun uning roziligi talab qilinadi.

    Farzandlikka olishda bolaning roziligi vasiylik va homiylik organlari yoki sud tomonidan farzandlikka olish toʻgʻrisidagi ish koʻrib chiqilayotganda aniqlanadi.

    Agar bola farzandlikka oluvchilarning oilasida tarbiyalanayotgan boʻlsa va ularni oʻz ota-onasi deb eʼtirof etsa, farzandlikka olish farzandlikka olinayotgan bolaning roziligisiz amalga oshirilishi mumkin.

    Ota-onaning bolaning farzandlikka olinishiga roziligi:

    Farzandlikka olish uchun farzandlikka olinayotgan bola ota-onasining roziligi talab etiladi.

    Sud tomonidan farzandlikka olish toʻgʻrisida qarori chiqarilgunga qadar ota-ona bergan roziligini qaytarib olishga haqli.

    Qanday hollarda farzandlikka olish ota-onaning roziligisiz amalga oshiriladi?

    • ota-onaning kimligi nomaʼlum boʻlsa;
    • ota-ona ota-onalik huquqidan mahrum qilingan boʻlsa;
    • ota-ona muomalaga layoqatsiz, bedarak yoʻqolgan deb topilgan yoki vafot etgan deb eʼlon qilingan boʻlsa;
    • ota-ona bir yildan ortiq muddat davomida bolalar yoki davolash muassasalaridagi bolasidan uzrli sabablarsiz xabar olmagan boʻlsa.

    Farzandlikka olishning huquqiy oqibatlari

    Farzandlikka olingan bolalar barcha shaxsiy va mulkiy huquqlarda farzandlikka oluvchining oʻz bolalariga tenglashtiriladi.

    Farzandlikka olinganlar va ularning ota-onasi bir-birlariga nisbatan shaxsiy va mulkiy huquqlarni yoʻqotadilar hamda oʻzaro majburiyatlardan ozod boʻladilar.

    Bola bitta shaxs tomonidan farzandlikka olingan taqdirda, uning manfaatlarini koʻzlab, bolaning huquq va majburiyatlari, agar farzandlikka oluvchi erkak boʻlsa, onasining iltimosiga koʻra, agar farzandlikka oluvchi ayol boʻlsa, otasining iltimosiga koʻra saqlanib qolishi mumkin.

    Agar farzandlikka olinayotgan bolaning otasi yoki onasi vafot etgan boʻlsa, vafot etgan otaning yoki onaning ota-onasi (buva yoki buvi) iltimosiga koʻra bolaning shaxsiy nomulkiy hamda mulkiy huquq va majburiyatlari, agar bolaning manfaatlari shuni talab etsa, vafot etgan otasining yoki onasining qarindoshlariga nisbatan saqlanib qolishi mumkin.

    Farzandlikka olishni sir saqlash qonun bilan himoya qilinadi.

    • Farzandlikka olishga oid maʼlumotlarni farzandlikka oluvchilarning roziligisiz, agar ular vafot etgan boʻlsa, vasiylik va homiylik organining roziligisiz berish taqiqlanadi.
    • Farzandlikka bola oluvchilarning yoki vasiylik va homiylik organining erkiga qarshi, yetim yoki ota-ona gʻamxoʻrligidan mahrum boʻlgan bolalarni farzandlikka olishning qonun bilan qoʻriqlanadigan sirini oshkor qilish jinoiy javobgarlikka sabab boʻladi.

    Chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs boʻlib, boshqa davlat hududida doimiy yashayotgan bolani Oʻzbekiston fuqarolari tomonidan farzandlikka olish mazkur bola doimiy yashayotgan davlatning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda, farzandlikka olinayotgan bola yetim va farzandlikka oluvchilarning (oluvchining) yaqin qarindoshi boʻlgan yoki oʻz vatanida turli sabablarga koʻra farzandlikka olinishi mumkin boʻlmagan hollarda amalga oshiriladi.

    Chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs boʻlib, boshqa davlat hududida doimiy yashayotgan bolani Oʻzbekiston fuqarolari tomonidan farzandlikka olishda farzandlikka olinayotgan bolaning Oʻzbekistonga kirishi va Oʻzbekistonda doimiy yashashi uchun Oʻzbekiston vakolatli organining (ichki ishlar organlari migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimlari) ruxsatnomasi talab qilinadi.

    Farzandlikka olish agar farzandlikka oluvchilar:

    • Farzandlikka olinuvchining xulq-atvori farzandlikka oluvchilarning shaʼni va qadr-qimmatiga putur yetkazayotgan, ularning hayoti yoki sogʻligʻiga xavf solayotgan boʻlsa, farzandlikka olinuvchi voyaga yetganidan keyin farzandlikka olish bekor qilinishiga yoʻl qoʻyiladi.
    • Farzandlikka olinganning ota-onasi, prokuror, vasiylik va homiylik organlari, voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha idoralararo komissiyalar, shuningdek 16 yoshga toʻlgan farzandlikka olingan bola farzandlikka olishni sud tartibida bekor qilishni talab etish huquqiga ega.
    • Farzandlikka olishni bekor qilishga faqat sud tartibida yoʻl qoʻyiladi.

    Xusinboy Iskandarov,

    Xorazm viloyati Tuproqqalʼa tuman

    Yuridik xizmat koʻrsatish markazi boshligʻi.