Ishga borib qaytayotganimda deyarli har kuni Toshkent er usti metrosining Sergeli yo'nalishi quruvchilariga ko'zim tushardi. Bahor va kuzning o'zgaruvchan ob-havosida ham, saratonning jaziramasida ham, qishning izg'irinida ham ular tinimsiz mehnat qilardi. Mana shunday ulkan shijoat evaziga qurilgan yo'nalishning ochilishi poytaxtliklar va unga tutash hududlar aholisi hayotida katta engillik yasadi. Birgina mening kichik oilam misolida ham bu baxtiyorlik ifodasi o'z aksini topdi.

Kichik o'g'lim haftaning uch kunida 19:00 dan 21:00 gacha poytaxtimizning SHayxontohur tumanidagi o'quv markazida axborot texnologiyalari bo'yicha mashg'ulotlarga qatnayotgani tufayli uyga yarim tunda qaytadi. To'g'risi, undan juda xavotir olardik. Aksiga olib, o'qish vaqtini ertaroqqa o'tkazishning ham hozircha iloji yo'q.

Tarixiy sana — shu yilning 26 dekabr` kuni u odatdagidan ancha — bir yarim soat chamasi barvaqt uyga kirib keldi. Bundan hayron qolgan onasi: “Nega bugun erta kelding, dars bo'lmadimi?” deb so'radi. Kayfiyati ko'tarinkiligi shundoq yuz-ko'zidan ko'rinib turgan o'g'lim onasiga yaqinda ishga tushirilgan Sergeli metrosining ilk yo'lovchilaridan biri bo'lganini, metroda, uning yangi bekatlarida xizmatchi va yo'lovchilar uchun yaratilgan shart-sharoit va qulayliklar haqida to'lqinlanib gapirdi. Uning xursandligiga sherik bo'lgan turmush o'rtog'im televizor orqali yangi metro yo'nalishi haqida efirga uzatilgan lavhadan olgan taassurotini so'zlab beradi.

SHirin o'yga cho'maman, bu erdagi besh yilcha oldingi manzara ko'z oldimda namoyon bo'ladi: keng dala, qulupnayzor. Rosti, o'sha paytlari Sergelida shuncha ko'p qavatli uy quriladi, bu erga metro keladi, desa hech kim ishonmasdi. Prezidentimizning tashabbusi bilan bu ishlarga qo'l urildi va o'tgan qisqa vaqt mobaynida, pandemiya sharoitiga qaramay, qurilish bilan bog'liq juda katta hajmda ish bajarildi. Minglab oilalar uy-joyli, ishli bo'ldi. Ko'plab inshootlar bo'y cho'zdi. Bugun biz foydalanayotgan metroning Sergeli yo'nalishi ishga tushdi. endi o'zingiz ayting, bu kabi ezgu ishlarga bosh-qosh bo'layotganlarga rahmat aytmay, bu kunlarga etkazganiga shukrona keltirmay, bulardan quvonmay, faxrlanmay bo'ladimi?!

CHalg'imayin, kichik o'g'lim Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti qoshidagi akademik litseyda, akasi esa Singapur menejmentni rivojlantirish institutida ta'lim oladi. Zangiota tumanining Sergeli mahalalariga chegaradosh “CHorbog'” maqallasida qurilgan namunaviy uylarda yashaymiz. Bu erga ko'chib kelganimizga hademay besh yil to'ladi. Farzandlarim shahar markazidagi ilm dargohlarida bilim olayotgani uchun bu erdan o'qishga qatnashga qiynalardi. Litsey va institutga uchta transport almashib borishga majbur bo'lardi. YArim soatlab tirbandlikda turish kattalar singari shu yigitchalarni ham asabiylashtirganidan, bu holat sabab o'qishdan kech qolgan paytlari bo'lganidan, buning uchun ustozlaridan bir necha bor tanbeh eshitganidan xabardorman. YAngi metro liniyasining foydalanishga topshirilgani biz kabi qanchadan-qancha yurtdoshlarimiznining bu kabi vaqt, mablag' bilan bog'liq muammolarini echish, ularga katta qulaylik yaratish imkonini bergani bilan ham nihoyatda ahamiyatlidir.

Nimadandir xursand bo'lsam, ba'zan bu haqda kim bilandir gaplashgim keladi. Qishloqqa — onamga qo'ng'iroq qildim. YAngilikdan juda xursand bo'ldi. Xudo xohlasa, Toshkentga borganimda meni yangi metroga mindirasan, dedi yaxshi niyat qilib. Telefon orqali muloqotimiz davom etar ekan, onam qishlog'imizda odamlarni rozi qilish, aholiga qulaylik yaratish uchun bajarilayotgan ishlar haqida ham gapirdi. Suhbatimiz yakunida uzundan-uzun duo qildi. YUrtimizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka, xalqimizga farovonlik tiladi.

YAkshanba kuni katta o'g'lim gazetada davlatimiz rahbarining O'zbekiston yoshlari forumida so'zlagan nutqini qayta-qayta o'qib chiqqanini, Prezidentimiz o'z nutqida kelgusi o'quv yilidan boshlab, respublikamizdagi xorijiy oliy ta'lim muassasalarining bakalavriat bosqichi talabalari uchun ham Prezident va boshqa nomdor stipendiyalar joriy etilishini ma'lum qilgani o'zi kabi yigit-qizlar uchun katta e'tibor, imtiyoz va imkoniyat ekanini, bu minglab yoshlarga motivatsiya berganini ta'kidladi. Davlatimiz rahbarining g'amxo'rligidan bahramandlik umidi o'g'limga qandaydir kuch, o'ziga ishonch berganini uning ko'zi aytib turardi.

YAqinlaring, qo'ni-qo'shnilaring, yurtdoshlaringni hayotdan bu kabi rozi bo'lib, zavq olib yashayotganiga guvoh bo'lishning o'zi katta baxt aslida. Bu odamlarni elu yurtimiz taraqqiyotiga, tinchligi ta'minlanishiga munosib hissa qo'shishga, yanada faol bo'lishga undab, kuch-g'ayrat, ko'tarinki kayfiyatu ruhiyat baxsh etadi. Ana shunday baxt, shijoat hech birimizni aslo tark etmasin. Metroning Sergeli yo'nalishi barchamizga muborak bo'lsin!

Xolmurod SALIMOV,

jurnalist