Men oliy toifali matematika fani oʻqituvchisiman. Qariyb 50 yil maktabda oʻqituvchilik qildim. Matematika faniga qiziqadigan qobiliyatli oʻquvchilarni tarbiyalab, ularni matematika fani boʻyicha Respublika va xalqaro olimpiadalarga tayyorladim. Oʻquvchilarim chet davlatlarning nufuzli oliy taʼlim dargohlarida taʼlim oldi va men ularning har bir yutugʻidan quvonib, faxrlanib yashadim!
Mana, bu yil ham soʻnggi qoʻngʻiroq sadolari ostida qariyb 438 ming nafar oʻquvchi maktabni tamomlab, mustaqil hayotga qadam qoʻymoqda. Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston tarixida birinchi marta maktab bitiruvchilariga tabrik yoʻllagani qalbimizni hayajonga toʻldirdi.
Soʻnggi yillarda yurtimizda taʼlim tizimiga qaratilayotgan doimiy eʼtibor oʻqituvchi sifatida meni ruhlantiradi. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Qisqa muddatda taʼlim tizimida muhim oʻzgarishlar amalga oshirilgani, xususan, “Yangi Oʻzbekiston — maktab ostonasidan boshlanadi” degan shior asosida maktab taʼlimini rivojlantirish umumxalq harakatiga aylandi”. Bu esa oʻqituvchilar, ustoz-murabbiylarning mashaqqatli mehnatini munosib ragʻbatlantirish, ularning ish va turmush sharoitini yaxshilash, jamiyatdagi obroʻ-eʼtiborini oshirishga xizmat qilib, oʻquvchilar erishayotgan yutuqlarda oʻz ifodasini topmoqda.
Mamlakatimizda har yili ilm-fanning bir necha yoʻnalishiga ustuvor ahamiyat qaratiladi. Joriy yilda fizika va chet tillarini rivojlantirishga katta eʼtibor berilmoqda. Bu esa yoshlarimizning xalqaro til sertifikatini olib, jahonning nufuzli oliy oʻquv yurtlariga qabul qilinishida muhim omil boʻlayotir.
Davlatimiz rahbari keyingi ikki yil davomida yoshlarimizning pandemiya sharoitida oʻqib va yashab, qiyinchiliklarga qarshi kurashish koʻnikmalarini egallaganini alohida qayd etdi.
Oʻz ustida tinimsiz ishlab izlanayotgan, iqtidorli yoshlardan biri, Qarshi shahridagi 44-umumiy oʻrta taʼlim maktab oʻquvchisi Shuhrat Yoʻldoshev bu yil bir yoʻla 16 ta xalqaro OTMga oʻqishga qabul qilindi.
Jumladan, Malayziyaning Xiamen universitetiga 100 foiz grant asosida qabul qilingani barchamiz uchun quvonarlidir.
Ayni paytda u avgust oyida boʻladigan TOEFL va CAT xalqaro imtihonlariga tayyorgarlik koʻrmoqda.
Yurtimizda taʼlim sifatini yangi bosqichga koʻtarishga qaratilgan saʼy-harakatlar oʻz mevasini beryapti. Bugun Shuhrat kabi iqtidorli yoshlarimiz haqida koʻp gapirish mumkin. Ularning erishayotgan muvaffaqiyatlari zamirida taʼlimga qaratilgan eʼtibor, farzandlarimizning bilim olishlari uchun yaratilgan shart-sharoit yotadi.
Bugun 25-may, maktablarda soʻnggi qoʻngʻiroq chalinadi. Mustaqil hayotga yoʻl olayotgan yigit-qizlarning orzulariga quloq tutarkanman, shu Vatan koriga yarash istagini koʻrib, ular bilan faxrlanaman! Qolaversa, farzandlarimiz kelajagi ishonchli qoʻllarda ekanini yana bir bor his etaman.
Muhabbat SHARAPOVA,
Qarshi shahridagi 2-ixtisoslashtirilgan
umumiy oʻrta taʼlim maktab-internatining
matematika fani oʻqituvchisi,
Oʻzbekiston Qahramoni