Tadbir avvalida orkestr joʻrovozligida Oʻzbekiston Respublikasi davlat madhiyasi yangradi. Shundan keyin viloyat hokimi Qobul Tursunov soʻzga chiqib, milliy gʻururimiz va iftixorimiz boʻlgan bayrogʻimiz oʻzida butun Oʻzbekiston xalqining asriy orzu-istaklari, gʻayrati va shijoatini, xalqimizga xos mehmondoʻstligini mujassam etganganligi, uning bugungi hayotimizda va yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi oʻrni haqida toʻxtalib oʻtdi.

Bugun bayrogʻimiz davlat idora va muassasalari, oʻquv yurtlari, Oʻzbekiston aʻzo boʻlgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turibdi. SHuningdek, turli bayram va tantanalarda, madaniy-maʻrifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida baland koʻtarilmoqda.
Ayniqsa, xalqaro sport arenalarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan sportchilarimiz sharafiga madhiyamiz yangrab, yurtimiz bayrogʻi baland koʻtarilgan lahzada har birimizning qalbimizni hayajon chulgʻab, koʻzlarimiz namlanganligi rost.

– Davlat ramzlari mamlakatimizning mustaqilligini, xalqimizning shon-sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini oʻzida mujassam etgan. Mustaqil davlatimiz bayrogʻi esa tinch va osoyishta, ozod hamda erkin hayotimiz, yorugʻ kelajagimizga boʻlgan ishonchimiz timsolidir, – deya taʼkidladi viloyat hokimi oʻz soʻzida.
Bayroqdagi moviy rang – musaffo osmonimiz hamda obi hayot ramzi boʻlsa, oq rang – tinchligimiz, yashil rang – tabiatning yangilanishi, qizil chiziqlar esa davlatimiz farovonligi, jamiyat taraqqiyoti yoʻlida oʻzaro hamjihatlik bilan hormay-tolmay mehnat qilayotgan yurt farzandlarining vujudida oqayotgan hayotiy qudrat ramzidir.

Yoshlar va sanʼatkorlar tomonidan ijro etilgan sheʼrlar hamda kuy-qoʻshiqlar tadbirga oʻzgacha koʻtarinkilik bagʻishladi.