Davlatimiz rahbarining 2017-yil 2-avgustdagi “O'zbekiston Respublikasi temir yo'l transporti xodimlari kunini nishonlash to'g'risida”gi farmoniga asosan bu yil ham soha xodimlari avgust oyining birinchi yakshanbasini kasb bayrami sifatida nishonladi. Bayram arafasida Ispaniyaning Bilbao portidan yurtimizga olib kelingan poezdning taqdimoti bo'lib o'tdi.
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda barcha sohalarda ro'y bergan o'zgarishlar, xalqimiz turmush darajasi yuksalishida temiryo'lchilarning, xalqaro hamkorlik hamda yirik loyihalar sonining ortib borishida malakali mutaxassislarning xizmatlari katta. Bugunga kelib a'zolar soni 91 ming 889 nafarni tashkil etgan O'zbekiston temiryo'lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tomonidan temiryo'lchilarning xavfsizligi, sog'lig'i, ijtimoiy holatiga katta e'tibor qaratib kelinmoqda. Ayniqsa, o'tgan yili pandemiya davrida ijtimoiy himoyaga muhtoj ishchi-xodimlar, pensioner va faxriy kasaba uyushma faollari ijtimoiy jihatdan qo'llab-quvvatlandi. 2021-yil 6 oy mobaynida ishchi-xodimlarni ijtimoiy himoya qilish, ularning sog'lig'ini tiklash uchun bugunga qadar sanatoriylarga 404 ta yo'llanma ajratildi.
Temiryo'lchilar kasb bayrami arafasida kasaba uyushma qo'mitalari tomonidan ishchi-xodimlarga go'sht va tuxum maxsulotlari tarqatildi. Barcha kasaba uyushma qo'mitalari tomonidan nafaqaxo'r pensionerlar yo'qlanib, oziq-ovqat to'plamlari bilan uylariga tashrif buyurilib, ular holidan xabar olindi.
Faol temiryo'lchilar faxriy yorliq, esdalik sovg'alari yoki pul mukofoti bilan rag'batlantirildi. “O'zbekiston temir yo'llari” aksiyadorlik jamiyati hamda O'zbekiston temiryo'lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tasarrufidagi tashkilot va muassasalarida o'zining namunali mehnati bilan kasaba uyushmasi a'zolariga o'rnak bo'layotgan, tashabbuskor va tashkilotchi, jamoat ishlarida faollik ko'rsatayotgan 100 nafar xodimlar hamda Respublika Kengashi va tarmoq tashkilotlarida uzoq yillar samarali mehnat qilgan 50 nafar fahriylarga samimiy tilaklar bitilgan bayram tabriknomalari hamda 1 million so'mdan pul mablag'lari yetkazildi.
Fursatdan foydalanib, barcha temiryo'lchi kasb egalari, hamkasblarimizni, soxani ijtimoiy qo'llab-quvvatlashda o'z xizmatlarini ayamay mehnat qilayotgan kasaba uyushmasi faollarini mamlakatimiz mustaqilligi bayrami arafasida nishonlanayotgan temiryo'lchilar kasb bayrami bilan samimiy tabriklayman. Yurtimizning buyuk kelajagi, xalqimizning baxtu-saodati, sohamizning bundan-da yuksak taraqqiyoti yo'lida olib borilayotgan keng qamrovli bunyodkorlik faoliyatlarida ulkan zafarlar tilayman.
Qutlimurat SABIROV,
O'zbekiston temiryo'lchilari va
transport quruvchilari kasaba uyushmasi
Respublika Kengashi raisi