Joriy yilning iyun-iyul oylarida Oliy Majlisning inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) nomiga Surxondaryo viloyati Uzun tumani “Fayzobod” mahallasi va uning atrofidagi aholi punktlarida istiqomat qilayotgan fuqarolardan bir necha marotaba murojaat kelib tushgan edi. Ularning soʻnggi murojaati 2021-yil 3-iyul kuni qabul qilingan.
Shuni ayish joizki, Surxondaryo vohasi yogʻingarchilik notekis taqsimlanadigan hudud hisoblanadi. Janubiy tumanlardagi tekisliklarga yomgʻir-qor kam yogʻadi. Biroq, togʻ yonbagʻirlari boʻylab koʻtarilgach, yogʻin miqdori ikki barobar ortadi. Ayniqsa, Hisor togʻlarining janubiy yonbagʻirlari xatarli hudud hisoblanadi. Shu jihatdan Surxon daryosi oʻzanining oʻzgarishi koʻplab aholi punktlarida istiqomat qilayotgan fuqarolar hayotini jiddiy xavf ostiga qoʻyadi. Shuni hisobga olgan holda, ushbu murojaatlarning barchasi Ombudsman nazoratiga olinib, tegishli tashkilotlar tomonidan masala ijobiy hal etilishi yuzasidan choralar koʻrilishi soʻraldi. Muammoni imkon qadar tezroq hal etilishi uchun idoralararo hamkorlik asosida koʻrib chiqildi.
Murojaatda bayon etilganidek, hududdan oqib oʻtadigan Surxon daryosi oʻzani 90 darajaga oʻzgarishi oqibatida 6 ta mahalla ahli suv toshqini xavfi ostida qolgan. Bundan xavotir olgan aholi ushbu murojaatni yoʻllagan. Ombudsmanning say-harakatlari bilan muammo toʻliq hal etildi. Jumladan, Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan 3 mlrd soʻm miqdorida pul mablagʻlari ajratilib, Surxon daryosining oqim yoʻnalishining 1,3 km.lik qismida oʻzanni taʼmirlash va qirgʻoqlarni mustahkamlash ishlari olib borildi.
Shu kunlarda Uzun tumanining yuqorida tilga olingan hududida istiqomat qilayotgan aholidan kelib tushgan tashakkurnomada fuqarolar muammoning oʻz vaqtida hal etilgani uchun mamlakatimiz rahbariyati va Ombudsmanga minnatdorchilik bildirdilar. Endilikda Fayzobod mahallasi ahli ham tinch mehnat qilib, xotirjam yashamoqda, deya xabar beradi Oliy Majlisning inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati.