Taʼkidlanishicha, soʻnggi vaqtlarda fermerlar adliya organlariga murojaat etib, ayrim mansabdor shaxslar tomonidan huquqlari buzilayotganligi (shartnomalar tuzishda majburlash, ruxsatisiz bankdagi pul mablagʻlarini oʻzboshimchalik bilan olib qoʻyish, homiylik ishlariga majburiy tartibda jalb qilish, majlislar hamda boshqa ommaviy tadbirlarda fermerning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitish), banklar tomonidan subsidiya, kredit ajratilmayotganligi, shuningdek, yetishitirilgan mahsulotlarni sotish boʻyicha tuzilgan shartnomalar asosida pul mablagʻlari toʻlab berilmayotganligi yoki oʻz vaqtida qoplanmayotganligini bayon etmoqda.

Qishloq xoʻjaligi sohasidagi huquqiy munosabatlarda fermer xoʻjaliklarining huquq va manfaatlariga rioya etilishi ahvolini oʻrganish, huquqni qoʻllash amaliyotini tahlil qilish orqali sohani tubdan isloh qilish yuzasidan takliflar tayyorlash, “Fermerlar qishloq xoʻjaligi rivojining drayveri” sifatida ularning iqtisodiyot va jamiyatdagi mavqeini oshirish maqsadida joriy yilning iyun-dekabr oylarida “Fermerga madad” huquqiy aksiyasini oʻtkazish boʻyicha adliya vazirining buyrugʻi qabul qilindi.

“Fermerga madad” huquqiy aksiyasini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan boʻlib, mazkur rejalar adliya vazirining boʻyroʻgʻi bilan tasdiqlangan 5 ta ishchi guruh tomonidan amalga oshiriladi. Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda viloyatlar adliya boshqarmalari mazkur ishchi guruhlardan kelib chiqqan holda oʻzlarining hududiy ishchi guruhlarni tuzadi.

Aksiya davomida amalga oshiraladigan ishlar.

Aksiya davomida fermerlar huquqlarini tushuntirish tadbirlari oʻtkaziladi, qishloq xoʻjaligi sohasida huquqni qoʻllash amaliyoti hamda fermerlarning murojaatlari oʻrganiladi, fermer xoʻjaliklarining muammolarini aniqlash boʻyicha soʻrov oʻtkaziladi, sohani tubdan isloh qilish va qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqiladi.

Aksiya oʻtkazish mexanizmlari.

1) Aksiyani oʻtkazishni Muvofiqlashtiruvchi guruh va tadbirlar yoʻnalishlari boʻyicha ishchi guruhlar shakllantiriladi;

2) Amalga oshiriladigan tadbirlar boʻyicha materiallar toʻplami tayyorlanadi;

3) Ishchi guruh aʼzolari aksiya oʻtkazish boʻyicha oʻqitiladi;

4) Aksiya doirasida tadbirlar grafik asosida amalga oshiriladi.

5) Aksiya natijalari umumlashtiriladi va tegishli hisobotlar tayyorlanadi.

Bundan tashqari, aksiya doirasida targʻibot tadbirlari OAV, ijtimoiy tarmoqlar, manzilli va sayyor tadbirlar, interaktiv usullar, onlayn va oflayn muloqot platformalari orqali amalga oshiriladi.

Tushuntirish tadbirlarida adliya organlari va “Madad” NNT xodimlari, “Yosh huquqshunos” koʻngillilar guruhlari aʼzolari hamda tegishli soha vakillari ishtirok etadi.

Shu bilan bir paytda, fermerlar murojaatlari bilan ishlashda murojaatlar anʼanaviy shaklda, 1008 – ishonch telefoni, @fermermadadbot maxsus telegram-bot orqali hamda sayyor va uyma-uy qabul qilinadi.

Qishloq xoʻjaligi sohasida huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish va monitoring tegishlicha adliya xodimlari, jalb qilingan mutaxassislar, “Yosh huquqshunos” koʻngillilar guruhi aʼzolari tomonidan olib boriladi.

Fermer xoʻjaliklarining 6 yoʻnalishida, xususan tashkiliy-huquqiy, ishlab chiqarish va xoʻjalik, shartnomaviy-huquqiy va mehnat munosabatlar, yer sohasi, maʼmuriy-boshqaruv, bank, moliya va soliq yoʻnalishlarida qonunchilik xatlovdan oʻtkaziladi, xorijiy tajriba va milliy amaliyot oʻrganilib, sohani isloh qilish boʻyicha takliflar tayyorlanadi.

Aksiya yakuni boʻyicha har bir yoʻnalish boʻyicha alohida maʼlumotnomalar tuziladi. Ular asosida Yigʻma tahliliy maʼlumot hamda Axborot xati, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari tayyorlanadi.

Aksiya jarayoni va yakuniy materiallar OAVlarda eʼlon qilib boriladi.

Adliya vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi