Feruz Abdullayev Yevrosiyo ot sporti assotsiatsiyasining vitse-prezidenti etib saylandi

    Sport 20 Noyabr 2020 773

    Shu yil 13-noyabr kuni yangi tuzilgan Yevrosiyo ot sporti assotsiatsiyasi Umumiy yigʻilishining majlisi boʻlib oʻtdi. Yigʻilish videokonferensiya shaklida tashkil etildi. Unda Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasining birinchi vitse-prezidenti Feruz Abdullayev ham ishtirok etdi.

    Ushbu assotsiatsiya Yevrosiyo mintaqasida ot sportini rivojlantirish, assotsiatsiyaga aʼzo mamlakatlar manfaatlarini himoya qilish, Yevrosiyo mamlakatlari guruhining tashabbuslari va sport sohasidagi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida tuzilgan ixtiyoriy jamoat birlashmasi hisoblanadi.

    Yigʻilishda tashkiliy masala koʻrildi. Unda Rossiya ot sporti federatsiyasi prezidenti Marina Vladimirovna Sechina bir ovozdan yangi assotsiatsiya prezidenti etib saylandi. Hamyurtimiz Feruz Abdullayev esa bir ovozdan Yevrosiyo ot sporti assotsiatsiyasining vitse-prezidenti etib saylandi.

    Shuningdek, umumiy yigʻilish majlisida FEI Xalqaro ot sporti federatsiyasi prezidenti Ingmar de Vos yangi assotsiatsiya tuzilgani munosabati bilan oʻz tabrigini yoʻlladi.