“XXI asrda Inson huquqlari kelajagi” mavzusida tashkil etilgan mazkur xalqaro tadbir Turkiya Ombudsmani instituti tashkil etilganligining 10 yilligi munosabati bilan oʻtkazilyapti. Unga 60 dan ortiq xorijiy davlatlarning Ombudsmanlari, Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Rossiya, Ukraina, Ozarbayjon, Italiya, Afrika, Ruminiya, Moldova, Keniya, Serbiya, Vengriya, Norvegiya, Fransiya, Qatar, Filippin, Pokiston, Bangladesh va boshqa qator mamlakatlar Ombudsmanlari ishtirok etdi.
Mazkur konferensiyada aholining zaif qatlamlari, ayniqsa ayollar, voyaga yetmaganlar, keksalar va imkoniyati cheklangan shaxslarning huquq va erkinliklarini XXI asrdagi muammolardan kelib chiqib, samarali himoya qilishda Inson huquqlari boʻyicha milliy institutlarning oʻrni muhokama etilyapti.
Shuningdek, Sharq va Gʻarb ombudsmanlarini birlashtirish, turli mamlakatlarning ilgʻor tajribalari bilan tanishish orqali inson huquqlarini himoya qilish va ilgari surish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash maqsad qilingan.
Kunning ikkinchi yarmida Ombudsmanlar delegatsiyalari aʼzolari Turkiya Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga tashrif buyurdi.
Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan oʻz soʻzida Ombudsman institutining oʻrni va ahamiyatiga toʻxtaldi. 2012-yilda Turkiya prezidenti tashabbusiga koʻra, davlat organlari ustidan nazorat qiluvchi tashkilot sifatida Turkiya Ombudsmani instituti joriy etilgan.
Shundan soʻng, delegatsiya aʼzolari Turkiya Prezidenti Administratsiyasi hududida tashkil etilgan kutubxonaga tashrif buyurdi. Qayd etilishicha, mazkur kutubxonaning ochilish marosimida shaxsan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti ishtirok etgan. Kutubxonadagi kitob javonlari jamlanganda 3 kilometrni tashkil etuvchi mazkur dargohda Oʻzbekiston uchun ham alohida burchak tashkil etilgan. Boy milliy va madaniy meroslarni jamlagan mazkur kutubxona xizmatlaridan oddiy fuqarolar ham foydalanishlari mumkin.
Shuningdek, Turkiya parlamentiga ham tashrif buyurildi va mehmonlar ular faoliyati bilan tanishtirildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati.