Baʼzida harorat tartibi boʻyicha, fevral oyining birinchi kunlaridan boshlab bahor boshlanishiga oʻxshaydi, baʼzan esa butun qish mavsumi uchun eng past harorat fevral oyiga toʻgʻri keladi.

Oʻtgan yil ham shunday boʻlgan edi. Oyning boshidanoq respublika boʻyicha juda iliq ob-havo kuzatildi. Fevral oyining oʻrtalariga kelib, havo harorati 23-28° iliq, janubda 32° iliq qiymatlariga yetdi. Oyning oxiriga kelib, bizning iqlim uchun qattiq boʻlgan sovuq keldi. Kechalari havo 10-12° sovuq, baʼzi joylarda 15° sovuqgacha, shimolda 20-22° sovuq, Ustyurtda 23-25° sovuqqacha boʻldi. Respublikamizning eng janubiy viloyatlarida ham kechalari 4-7° sovuqgacha pasaydi.

Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda eng sovuq fevral oyi 2014-yilda kuzatilgan, oyning oʻrtacha harorati meʼyordan 5-7° ga past, oyning birinchi yarmida esa meʼyordan umuman 12-15° ga past boʻlgan. Eng sovuq davrda havo harorati kechalari 14-17° sovuqgacha, kunduz kunlari esa 7-10° sovuqgacha pasaygan. 2014-yilning fevral oyida yogʻingarchilik kam boʻlgan, ammo oyning birinchi yarmida yogʻingarchilik faqat qor koʻrinishida yogʻgan.

2016-yilning fevral oyi eng issiq boʻlgan. Eng issiq davrlarda havo harorati 23-28° iliqgacha koʻtarildi. Fevral oyi nafaqat issiq, balki eng quruq boʻlgan. Fevral oyida yogʻingarchilik anomal kam miqdorda yoqqan, Toshkentda meʼyordan atigi 3% ni tashkil etgan.

Ushbu yilning fevral oyi nisbatan iliq ob-havo bilan boshlanadi.

Oyning birinchi oʻn kunligida kechalari harorat 0-5° iliq, baʼzi joylarda 2° sovuq atrofida boʻladi, kunduz kunlari harorat 6-8° iliqdan 12-14° iliqgacha oʻzgarib turadi.

5-fevralda shimolda, 6-fevralda Oʻzbekistonning qolgan hududlarida asosan yomgʻir koʻrinishidagi yogʻingarchilik boʻladi. Respublika boʻyicha baʼzi joylarda birinchi oʻn kunlikning eng oxirida ham biroz yogʻingarchilik boʻlishi mumkin.

Keyinchalik Jahon prognostik markazlarining hisob-kitoblariga asoslangan holda, Oʻzgidrometning dastlabki bahosiga koʻra, havo harorati kechalari 0-5° iliqdan 0-5° sovuqgacha, shimolda 8-13° sovuqgacha, kunduz kunlari 10-15° iliqdan 3-8° iliqgacha oʻzgarib turadi. Hududlarning katta qismida yomgʻir va qor koʻrinishidagi yogʻingarchilik meʼyordan kam boʻlishi kutiladi, deb xabar beradi Oʻzbekiston gidrometeorologiya xizmati markazi.