Monitoring natijalari shuni koʼrsatdiki, joriy yilning 1 yanvaridan 28 fevraligacha boʼlgan davrda respublikada soliq tushumlari hajmi oʼtgan yilning shu davriga nisbatan 20,8% ga oshgan.
Shu bilan birga Sirdaryo (52%), Buxoro (45,2%), Namangan (40,6%), Fargʼona (40,4%), Qashqadaryo (39,8%) viloyatlarida va Toshkent shahrida (62%) soliq tushumlarining sezilarli oʼsishi qayd etildi.
Soliq tushumlarining oʼsishi iqtisodiyotdagi ijobiy oʼzgarishlar, jahon oltin bozoridagi narxlar konьyunkturasi, soliq maʼmuriyatchiligi tizimini takomillashtirish, jumladan, yangi maʼmuriy vositalarni joriy etish, jarayonlarni raqamlashtirish va avtomatlashtirish, tadbirkorlik faoliyatini qonuniylashtirish va soliq qonunchiligi talablariga rioya qilish tartibini soddalashtirish hisobiga taʼminlandi.
Tahlil qilinayotgan davr uchun bojxona toʼlovlari boʼyicha tushumlar 47,1%ga oshdi. Daromadning eng katta oʼsishi Jizzax (3,1 barobar), Xorazm (2,6 barobar), Аndijon (2,2 barobar), Qashqadaryo (82,8%), Sirdaryo (84,3%) viloyatlarida kuzatildi.
Bojxona tushumlarining oʼsishi tashqi savdo aylanmasining oʼsishi, mamlakatning ishlab chiqarish quvvatlarini koʼpaytirish, bojxona maʼmuriyatchiligi tartib-taomillarini soddalashtirish, jarayonlarni raqamlashtirish va avtomatlashtirish, shu jumladan, bojxona organlari tomonidan risklarni boshqarish tizimini keng qoʼllash hisobiga taʼminlandi.
Davlat bojxona qoʼmitasi maʼlumotlariga koʼra, yil boshidan buyon tovarlar eksporti hajmi oʼtgan yilning shu davriga nisbatan 15,4%ga oshgan. Tovarlar eksport hajmining oʼsishi Qashqadaryo (89,9%), Fargʼona (58,8%), Namangan (46,4%) va Samarqand (44%) viloyatlarida qayd etildi.
Oʼzbekiston eksportining oʼsishi sanoat mahsulotlari, oziq-ovqat mahsulotlari, kimyo va qishloq xoʼjaligi mahsulotlari eksportining oʼsish surʼatlari bilan izohlanadi.
Joriy yilning 1 yanvaridan 28 fevraligacha boʼlgan davrda tijorat banklari tomonidan berilgan kreditlar hajmi oʼtgan yilning shu davriga nisbatan 3,8%ga oʼsdi.
Berilgan kreditlar hajmining oʼsishi Toshkent (2,1 barobar), Xorazm (26,3%), Fargʼona (17,7%), Namangan (17,4%) viloyatlarida kuzatilmoqda.
Oʼzbekiston Respublikasi Markaziy banki maʼlumotlariga koʼra, bazis davrda (2021 yil yanvar va fevral) iqtisodiyotning real sektoridagi yirik loyihalarga kreditlar ajratilgan. Hisobot davrida asosan ushbu loyihalar uchun kreditlarni qaytarish boʼyicha operatsiyalar amalga oshirilmoqda.
Tahlil qilinayotgan davrda Oʼzbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasida tuzilgan bitimlar hajmi 46,6%ga oʼsdi. Birjada savdo faolligining sezilarli oʼsishi Xorazm (76,3%), Jizzax (53%), Toshkent (51%) viloyatlari, Qoraqalpogʼiston Respublikasida (48,2%) va Toshkent shahrida (92,8%) kuzatilmoqda.
Ushbu hududlarda tuzilgan bitimlar hajmining oʼsishi avtomobil benzini, dizel yoqilgʼisi, qora metallar, paxta tolasi, polietilen, ozuqabop bugʼdoy, qurilish materiallari, spirtli ichimliklar va boshqalar kabi tovarlar savdosini koʼpaytirish orqali taʼminlanmoqda.
Bu davrda 15 750 ta yangi tadbirkorlik subʼektlari tashkil etilib, ularning eng koʼpi Samarqand (2 121), Аndijon (1 598), Toshkent (1 279), Fargʼona (1 207) viloyatlarida va Toshkent (2 573) shahrida roʼyxatga olingan.
Karamat Nurillayev,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi yetakchi ilmiy xodimi