Fevral oyida Toshkentda eng kuchli qilichbozlar yigʻiladi

    10-12-fevral kunlari poytaxtimiz qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichiga mezbonlik qiladi.

    Milliy Olimpiya qoʻmitasining Telegram-kanalida tarqatilgan xabarga koʻra, ayollar oʻrtasida tashkil etiladigan mazkur musobaqada dunyoning eng kuchli qilichbozlari yigʻiladi.

    Gimnastika sport saroyida oʻtadigan musobaqa Parij-2024 siklidan avval jahon reytingi uchun qimmatli ochkolarni taqdim qiladi. Ayni paytga kelib, AQSH, Janubiy Koreya, Gretsiya, Vengriya, Ozarbayjon kabi 12 terma jamoa ushbu turnir uchun tarkibini eʼlon qilib ulgurdi.

    Vladimir Nazlimov boshchiligidagi sportchilarimiz shu kunlarda Yangioboddagi oʻquv-mashgʻulot bazasida mazkur musobaqaga hozirlik koʻrmoqda.