Feysbukda tarqalgan onlayn kazino reklamasiga aldanib qolmang! — IIV

    Xavfsizlik 25 Iyul 2022 1751

    Internet monitoringi davomida joriy yilning 13-iyulida «Feysbuk» ijtimoiy tarmogʻida «Biznes Uzbeki» nomli guruhda «otpravlyu lyubomu etu summu na plastik. Zachisleniye na schyot 31.000.000 sum» mazmunida xabar joylashtirilganligi aniqlandi.

    Ushbu xabarga 23 ta “layk” va 1 ta izoh qoldirilgan, sahifa yaratuvchisi va foydalanuvchisini aniqlashning texnik imkoniyati mavjud emas, deya xabar beradi IIV Kiberxavfsizlik markazi.

    Oʻrganish davomida, mazkur xabar ostida “Prisoyedinyaytes!” nomi bilan mavjud boʻlgan “Telegram” messenjeridagi «3arabotok v Uzbekistane 🇺🇿” kanaliga oʻtildi.

    Ushbu kanal 10.03.2022-yilda yaratilgan, 3.847 nafar obunachisi bor, kanalda 524 ta fotosurat, 57 ta videolavha, 150 ta veb-manzil, 40 ta audio-xabar mavjud, faqat admin (egasi) ruxsati bilan kirish mumkin.

    “Telegram” messenjeridagi “3arabotok v Uzbekistane” kanalida 70 ga yaqin video va audio fayllar oʻrganib chiqilganida, xorijiy davlatlar fuqarolarining Parimatch (Parimatch) nomli totalizator oʻyinini oʻynab, katta miqdorda pul yutib olganligi toʻgʻrisida, rus tilida soʻzlagan intervyulari joylashtirilganligi maʼlum boʻldi.

    Maʼlumot uchun: “Pari-Match” bukmekerlik kompaniyasi 2018-yilda Rossiya Federatsiyasida roʻyxatdan oʻtgan, 2022-yil mart oyidan uning nomi “Paribet” deb oʻzgartirilgan, uning bir qancha soxta sahifalari mavjud boʻlib, ular orqali aldov yoʻllari bilan fuqarolarning mablagʻlari qoʻlga kiritilmoqda.

    Shuningdek “3arabotok v Uzbekistane 🇺🇿” nomli kanalda «Pari-Match” bukmekerlik kompaniyasining soxta sahifalariga yoʻnaltiruvchi havolalar joylashtirilgan boʻlib, foydalanuvchilar ularga kirgan vaqtida toʻgʻridan toʻgʻri roʻyxatdan oʻtish (hech bir tasdiqlash kodi soʻralmaydi) imkoniyati yaratiladi.

    Foydalanuvchilarni totalizator oʻyinlariga yanada qiziqtirish maqsadida, ushbu soxta resurslar tomonidan 2 mln. soʻmdan 20 mln. soʻmgacha mablagʻlar oʻyin ishtirokchilariga “bonus” sifatida berilayotganligi koʻrsatiladi.

    Mazkur totalizator oʻyinining soxta sahifasi orqali oʻyin oʻynash uchun foydalanuvchilar tomonidan oʻzbek soʻmida Uzkard va Xumo toʻlov tizimlari orqali har bir stavkaga eng kamida 50 ming soʻm pul mablagʻlarini toʻlash mumkin boʻladi. Oʻyin orqali ishtirokchilarga 20 mln. soʻmdan 40 mln. soʻmgacha boʻlgan mablagʻlarni osongina yutib olish toʻgʻrisida yolgʻon eʼlonlar joylashtirib boriladi.

    Totalizator oʻyinidagi yutuqlar foydalanuvchining sahifasida onlayn shaklda koʻrinib turadi, biroq ularni bank kartasiga oʻtkazib olish soʻralganda, tizim tomonidan foydalanuvchi sahifasi avtomatik ravishda bloklanadi yoki unga yutuq sifatida koʻrsatilgan pullarni olish imkoniyati cheklab qoʻyiladi.

    Oʻtkazilgan tezkor-texnik tadbirlar natijasida, “Telegram” messenjeridagi «3arabotok v Uzbekistane 🇺🇿” kanali administratori sifatida fotosurati va ismi koʻrsatilgan shaxs 1994-yil Toshkent viloyatida tugʻilgan, Toshkent shahri Sergeli tumanida yashovchi P.Ye. ekanligi, aslida esa uning ushbu noqonuniy kanalga aloqasi yoʻqligi, 2022-yil 11-maydan buyon Seul (J.Koreya) davlatida ekanligi, mazkur telegram kanali esa, Ukraina davlati hududidan turib boshqarilayotganligi aniqlandi.

    Yuqoridagilardan koʻrinadiki, Internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan oson pul topish bilan bogʻliq reklama va xabarlar firibgarlar tomonidan xorijiy davlatlardan turib tarqatilmoqda va bu orqali ishonuvchan fuqarolarni pul mablagʻlarini aldov yoʻli bilan qoʻlga kiritishga urinmoqdalar.

    Hurmatli fuqarolar oson boylik orttirish maqsadida, firibgarlarning tuzogʻiga tushmang, feysbuk yoki boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali kelgan har qanday manfaat beruvchi xabarlardan ehtiyot boʻling, oʻzingizni asrang!