DXA blokcheyn tizimini aynan ushbu sohaga joriy etishdan boshlamoqchi. Buning uchun mamlakatimiz rahbarining tegishli qarori bilan “FHDYO yagona elektron arxivi” axborot tizimini blokcheyn texnologiyasiga oʻtkazish belgilangan. Bunda davlat-xususiy sheriklik tamoyillarini joriy qilish koʻzda tutilgan.

Eslatib oʻtmoqchimiz, mazkur muhim takomillashtirish ishlarida davlat byudjetidan mablagʻlar olinmaydi.

“FHDYO yagona elektron arxivi” axborot tizimining blokcheyn texnologiyasi asosida modernizatsiya qilish Yevropa Ittifoqining moliyaviy koʻmagi asosida Davlat xizmatlari agentligi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi (BMT TD) qoʻshma loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.

Taqsimlangan reyestrdan “ZAGS” tizimiga nima naf?

Blokcheyn “FHDYO yagona elektron arxivi” axborot tizimiga qoʻshimcha maxsus apparat vositalaridan foydalanmasdan xavfsiz kirish va tizimdan foydalanish imkoniyatini yaratadi.

Kiritilgan fuqarolik holati yozuvlari bloklar deb ataluvchi xesh-funksiya yordamida oʻzgarmas blokka joylashtiriladi (xeshlash).

Maʼlumotlar faqatgina tizimda roʻyxatdan oʻtkazilgan akkauntlar tomonidan kiritiladi. Yaʼni, har bir ishtirok etuvchiga maxsus login va parol beriladi. Yana bir jihati shundaki, qaysi akkaunt egasi qachon va nima maʼlumot kiritgani shaffof koʻrinib turadi. Bu esa tizimda firibgarliklarni oldini olishga yordam beradi.

Blokcheyn tizimida foydalanuvchi mustaqil ravishda alohida blokdagi maʼlumotni oʻzgartirolmaydi. Yaʼni bir blokdagi maʼlumotning oʻzgartirilishi barcha avvalgi bloklarga taʼsir qiladi. Shu jihatdan axborot xavfsizligi taʼminlanadi hamda tizimda ham shaffoflik taʼminlanadi.

“FHDYO yagona elektron arxivi” axborot tizimining blokcheyn texnologiyasi asosida modernizatsiya qilish ishlarini toʻliq yakunlash hamda amaliyotga tatbiq qilish joriy yilning dekabr oyiga rejalashtirilgan.

N. Muhammadiyev,

DXA direktori oʻrinbosari