FHDYo sohasida qogʻoz shaklidagi arizalardan voz kechadigan davr keldi

    Ijtimoiy hayot 28 Dekabr 2021 2149

    Davlat xizmatlari koʻrsatish tizimi mutaxassislarining fikr-mulohazalari sohani rivojlantirishda oʻta muhim.

    Samarqand viloyati Katta qoʻrgʻon tuman FHDYo boʻlimi mudirasi Gulondon Ibragimova sohaga oid takliflari bilan oʻrtoqlashdi.

    — FHDYo sohasida aholi eʼtiroziga sabab boʻlayotgan asosiy muammo nima?

    — “Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida ish yuritish tartibi toʻgʻrisida”gi Yoʻriqnomaning 64-bandida ishonchnoma asosida otalik belgilashga yoʻl qoʻyilmasligi koʻrsatilgan. Shunday holatlar borki, FHDYo boʻlimida bolaning tugʻilishini qayd etishda ota kelolmaganligi sababli bolaning tugʻilishi yolgʻiz ona arizasi asosida qayd etiladi. Bu ayniqsa, xorijga vaqtincha ketuvchilar oʻrtasida koʻp uchraydi. Ota chet davlatdan kelganidan keyin ota-ona arizasiga asosan otalik belgilanadi. Shu tariqa boʻlimdagi otalik va yolgʻiz onalar statistikasi oʻsishi kuzatiladi. Agar ota chet davlatda boʻlgan taqdirda qonuniy nikohi boʻlmagan fuqarolarga ishonchnoma asosida otalik belgilashga ruxsat berilsa bolaning tugʻilishi bir yoʻla otalik belgilash asosida qayd etilishi mumkin. Bu ortiqcha sarsongarchilik va xarajatlarni oldini oladi. Chunki yolgʻiz onadan otalik belgilanganda guvohnoma almashtiriladi, tabiiyki gerb yigʻimi ham undirishga toʻgʻri keladi.

    — Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etishda fuqarolarga yana qanday qulayliklar yaratish kerak, deb oʻylaysiz?

    — FHDYo sohasida fuqarolarga xizmat koʻrsatishda barcha turdagi arizalarni toʻldirishning qogʻoz shaklidan voz kechib, elektron tarzda qabul qilishga oʻtilsa ham fuqaroga, ham xodimlarga qulay boʻlishi mumkin. Shuningdek, qogʻozni tejash asnosida ekologiyaga ham maʼlum darajada foyda keltiriladi.

    — FHDYo organlarida navbatlar yuzaga kelmasligi uchun qanday choralar qoʻllagan maʼqul?

    — Joriy yildan eksterritorial tamoyili asosida yashash joyidan qatʼiy nazar FHDYo sohasidagi ayrim xizmatlardan foydalanish imkoniyati amaliyotga tatbiq etildi. Lekin dalolatnoma yozuvlaridan koʻchirmalar, maʼlumotnomalar, yolgʻiz ona va otalik belgilanganligi haqidagi maʼlumotnomalarni faqat dalolatnoma yozuvlarini qayd etilgan FHDYo boʻlimidan olish mumkin. Bu baribir fuqarolarni ovora boʻlishiga olib kelyapti. Agar ushbu maʼlumotnomalarni ham eksterritorial tarzda olish imkoniyati yaratilsa fuqarolarga yanada yengillik boʻlar edi.

    — Sizning innovatsion gʻoyangiz?

    — Fuqarolarga xizmat koʻrsatishda koʻp harakatlarda qogʻozda ariza toʻldirilib, fuqaroning imzosi bilan tasdiqlanadi. Aytishim kerakki, ushbu imzo Davlat xizmatlari markazlaridagidek elektron tarzda yoki notarial idoralarda boʻlgani kabi barmoq izi asosida tasdiqlansa maqsadga muvofiq boʻladi. Amaliyotda koʻp hollarda fuqarolarning oilaviy nizolar sabab FHDYo organlarida amalga oshirilgan oldingi harakatlar boʻyicha qoʻyilgan oʻz imzosini tan olmaydigan vaziyatlar uchrab turadi. Mazkur yangilik amaliyotga joriy qilinsa har ikki tomon uchun ham turli tushunmovchiliklarga barham beriladi.

    DXA Samarqand viloyat boshqarmasi matbuot xizmati.