Fidoiy energetiklar oilasiga moddiy yordam koʻrsatildi va bu kelgusida ham davob ettiriladi

    Energetika 22 Yanvar 2021 1382

    Energetika vazirligi Matbuot xizmati fuqarolardan ijtimoiy tarmoqlarda yolgʻon maʼlumotlar tarqatmasliklarini soʻradi.

    “Vostokenergoteploizolyatsiya” AJning vafot etgan va “Energoqozontozalash” MCHJning jarohat olgan xodimlarining oila aʼzolariga moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatildi. Va kelgusida ham yordam koʻrsatish davom ettiriladi. Fuqarolardan ijtimoiy tarmoqlarda yolgʻon maʼlumotlar tarqatmasliklarini soʻraymiz.

    Joriy yil 20-yanvar kuni Yangi-Angren issiqlik elektr stansiyasining qozon agregatida koʻmir-kukuni havo aralashmasining chaqnashi sodir boʻlib, “Vostokenergoteploizolyatsiya” aksiyadorlik jamiyatining 3 nafar xodimi olingan jarohatlar natijasida vafot etgan va “Energoqozontozalash” masʼuliyati cheklangan jamiyatining 3 nafar xodimi turli darajadagi kuyish jarohatlari olishgan.

    Yuqoridagi aytilgan pudrat tashkilotlar va kasaba uyushmalari rahbariyati tomonidan “Energoqozontozalash” MCHJning jarohat olgan 2 nafar xodimlariga kecha, 20-yanvar kunining oʻzida birinchi tibbiy yordam koʻrsatish uchun olib berilgan dori-darmonlardan tashqari 1 million 800 ming soʻmdan (yengil kuyish holati) hamda 1 nafariga 3 million 200 ming soʻmdan moddiy yordam koʻrsatildi. Bundan tashqari dori darmonlari, shifoxona xarajatlari toʻliq koplandi. Hozirgi paytda jarohatlanganlarning ahvoli yaxshilangan.

    “Vostokenergoteploizolyatsiya” AJning vafot etgan 2 nafar xodimlarining oila aʼzolariga (xonadonlariga borgan holda) dafn marosimini oʻtkazish uchun 4 million 866 ming soʻmdan birinchi moddiy yordam (birinchi moddiy yordam!) koʻrsatildi va 1 nafar xodimining oila aʼzolariga 2 million soʻmdan moddiy yordam koʻrsatildi.

    Tashkilotning tegishli normativ-huquqiy hujjatlariga asosan, yana qoʻshimcha (toʻliq) ravishda moddiy yordamlari koʻrsatiladi. Hozirda ularning oila aʼzolari holidan toʻliq xabar olib turilibdi. Tashkilot tomonidan moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatilishi taʼminlanadi.

    Energetika vazirligi mehnat faoliyatini energetika sohasiga baxsh etgan fidoiy energetiklarimizning vafoti munosabati bilan marhumlarning oila aʼzolari va yaqinlariga chuqur taʼziya izhor etadi. Vafot etgan xodimlarimizning yorqin xotirasi energetiklar qalbida doimiy saqlanib qoladi", deyiladi vazirlik matbuot xizmati bayonotida.