Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori bilan barcha tuman-shaharlarda tashkil qilingan mahalla yoshlar yetakchilari bugun chin maʼnoda yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish va bandligini taʼminlashda jonbozlik koʻrsatmoqdalar. Bugungi kunda oʻzining samarali faoliyati va namunali harakatlari bilan ibrat boʻla olgan yoshlar yetakchilarini ragʻbatlantirish maqsadida Respublika boʻylab oʻtkazilayotgan “Fidoyi yoshlar yetakchisi” tanlovi ham oʻziga xos yangilik boʻldi.

Maʼlumki, joriy oy davomida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Yoshlar ishlari agentligi, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi, Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi bilan hamkorlikda mahallalardagi yoshlar yetakchilari oʻrtasida “Fidoyi yoshlar yetakchisi” respublika koʻrik-tanlovining tuman (shahar) bosqichi davom etmoqda.

Kuni kecha Namangan viloyati Yangiqoʻrgʻon tumani madaniyat markazida boʻlib oʻtgan tanlovda yoshlar yetakchilari oʻzaro toʻrtta shart asosida siyosiy, maʼnaviy bilimlari, ijtimoiy loyihalari bilan kuch sinashdi. “Qorasuv” mahallasi yoshlar yetakchisi D.Boltaboyeva 1-oʻrinni, “Xoʻjashoʻrkent” 2-oʻrinni, “Zarbdor” mahallalaridagi yoshlar yetakchilari 3-oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Davlatobod tumanidagi “Yangi Oʻzbekiston yoshlar ziyo maskani”da boʻlib oʻtgan tanlovda esa jami 19 nafar ishtirokchi bellashdi. Yakuniy natijaga koʻra, 3-oʻrin “Elobod”, 2-oʻrin “Nurobod”, 1-oʻringa “Porloq” MFY yetakchisi loyiq topilib, viloyat bosqichiga yoʻllanma oldi.

Tanlovning birinchi bosqichi Fargʻona viloyati Rishton tumanida ham qizgʻin tarzda oʻtkazildi. Tanlov yakuniga koʻra 3-oʻrinni “Qozi-Ahror” mahallasi yoshlar yetakchisi Rahimov Sherzod, 2-oʻrinni “Markaz” mahallasi yoshlar yetakchisi Sayfiddinov Muhammadziyo, 1-oʻrinni “Nosgar” mahallasi yoshlar yetakchisi Abduhamidov Uygʻunjon egalladi.

Koʻrik tanlovning Toshloq tuman bosqichida ishtirokchilar berilgan shartlar asosida kuch sinashdilar. Tanlov yakuniga koʻra, “Qumqishloq” MFY yoshlar yetakchisi Akramov Yusufjon 1-oʻrinni, “Xonariq” MFY yoshlar yetakchisi Turdaliyeva Maʼmuraxon 2-oʻrinni, “Yakkavut” MFY yoshlar yetakchisi Mahmudov Zuhriddin hamda “Xamrak” MFY yoshlar yetakchisi Qodirova Marhaboxon 3-oʻrinni egalladilar.

Tanlov ishtirokchilari tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandilar.