Fidoyilik formulasi

    Taniqli jurnalist Nodir Mahmudovning hali siyohi qurimagan yangi kitobini varaqlayotib, ustozimiz taniqli yozuvchi, filologiya fanlari doktori, professor Xurshid Doʻstmuhammadning “Jurnalistika – ijodiy jarayon maydoni, jurnalist – ijodkor shaxs. Tarixga nazar tashlansa, qachon va qayerda boʻlmasin matbuot muayyan qarama-qarshiliklar olamida yashagan, faoliyat yuritgan” degan soʻzlarini esladim.

    Darhaqiqat, jurnalist qalami insonlarga, jamiyatga arzigulik fikr koʻlamini, oʻziga xos mulohazalari zalvorini hadya eta olganidagina oʻzini oqlaydi.

    Nodir Mahmudov “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati tashkil etilgan ilk yillardan boshlab faoliyat yurita boshlagan chogʻida ayni talab, yaʼni asl jurnalistga xos “qalam” zalvori nihoyatda zarur edi. U madaniyat, maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi mudiri sifatida oʻzidan ham, boʻlim muxbirlaridan ham ana shu mezonni talab qildi. Natijada boʻlimda moʻjazgina samimiy muloqot va qizgʻin munozaralar maydoni yuzaga keldi.

    Ayniqsa, maqolalarga sarlavha qoʻyishda Nodir akaga teng keladigan yoʻq edi. Maqolaning “jon tomiri”ni ushlab, muallifni-da hayratda qoldiradigan sarlavhani bir zumda topishi bilan bizni koʻp bora lol qoldirgan.

    Ustoz baʼzilarga juda murakkab tuyuladigan ijtimoiy–siyosiy mavzularning qalovini topib, oddiygina soʻzlar bilan yorita oladi. Ayniqsa, ijodkorning “Yangilanayotgan eski shahar”, “Turma – yugur, tinma – tirish, bukilma – yuksal”, “Maʼnaviyatdan iqtisod qilingan bir soʻm”, “Iltimos, saviya bilan yarashib olinglar!” , “Yurakka koʻmilar asl shoirlar”, “Tarixning ochilmagan sahifalari: «Qadimchilar kimlar?” nomli maqolalari gazetxonlar eʼtirofiga sazovor boʻldi.

    Mahoratli jurnalist qaysi mavzuga yondashmasin, oʻzbekona nigoh, qadriyat va anʼanalarimiz istarasi uning soʻzlaridan balqib turadi goʻyo... “Fidoyilik formulasi”ni varaqlasangiz oʻzingiz bunga guvoh boʻlasiz.

    Ustoz, qaynoq qalbingiz, ziyrak nigohingiz jamlanmasi boʻlgan kitoblaringiz safi yanada kengayaversin. Umringizga, rizqingizga, ijodingizga Alloh baraka bersin.

    Muxtasar TOJIMAMATOVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri,

    Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoira