Asrlar davomida shakllangan har qanday jamiyatda sog'lom fuqarolar ko'p bo'lsa, bu tuzilma kuchli va kelajagi barqaror jamiyat sifatida tarixda o'z izini qoldiradi.

Boshqacha aytganda, aholi salomatligini samarali muhofaza etish davlat siyosatida ustuvorlik kasb etadi. Jumladan, mamlakatimiz ham mustaqillik yillarida tibbiyot tizimida amalga oshirilgan ulkan islohotlar natijasida muayyan natija va yutuqlarni qo'lga kiritdi. Bu mashaqqatli soha xodimlari ham ilmiy izlanish va malaka bobida rivojlangan davlatlardagi hamkasblari bilan bemalol bellasha oladigan darajaga etdilar. Bu borada soatlab so'z yuritish mumkin.

Guvohi bo'lganimizdek, o'tgan yil so'nggidan boshlab butun dunyo ahlini tashvishga solayotgan koronavirus pandemiyasi insoniyatni tibbiyot xodimlari ko'magiga yanada kuchliroq va ko'proq muhtoj etib qo'ydi. YUrtimizda bu kasallikka qarshi kurash jarayoni shifokorlarning naqadar sof qalbli va fidoyi kishilar ekanini amalda namoyon etmoqda.

Bir inson hayotini asrab qolish, dardiga darmon bo'lish, uning xaloskoriga aylanish qanchalar ulug' ish. Faoliyati davomida ming-minglab bemorlarni davolagan shifokor va hamshiralar, tibbiyot xodimlarining nechog'li savobga ega va saodatmand insonlar ekanini endi o'zingiz tasavvur qilavering. Bugun aynan ularning sa'y-harakati va bilimi, tajribasi, malakasi, fidokorligi bois koronavirus kasalligining og'ir oqibatlari oldi olinmoqda, pandemiya ustidan g'olib kelishga musharraf bo'lmoqdamiz.

Har bir mehnatkash fuqaro, har bir soha kishisi e'zoz topayotgan mamlakatimizda bugun tibbiyot xodimlari, inson salomatligi yo'lida halol mehnat qilayotgan insonlar har qancha sharaf va e'zozga munosib. SHu ma'noda kuni kecha  O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining navbatdagi yalpi majlisiga Senatning Fan, ta'lim va sog'liqni saqlash masalalari qo'mitasi tomonidan “Salomatlik” ordenini ta'sis etish to'g'risida”gi hamda “Sog'lom turmush” medalini ta'sis etish to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi qonunlari taqdim etildi.

Ma'lumot berib o'tish o'rinliki, «Salomatlik» ordeni ikki darajadan iborat bo'lib, I darajali «Salomatlik» ordeni bilan tibbiyot sohasini rivojlantirish, zamonaviy talablar asosida takomillashtirish va aholi salomatligini mustahkamlash ishlariga ulkan hissa qo'shgan, II darajali  orden bilan  aholi salomatligini muhofaza qilish, turli kasalliklarning barvaqt oldini olish va bartaraf etish ishlaridagi katta xizmatlar qilgan shaxslar mukofotlanadilar. “Sog'lom turmush” medali esa aholi orasida sog'lom turmush tarzini shakllantirish,  shaxsiy gigiena qoidalariga rioya qilishni keng targ'ib qilish, jismoniy tarbiya va badantarbiyani  kundalik turmush tarziga aylantirib,  jamoatchilikka shaxsiy namuna bo'layotgan hamyurtlarimiz xizmatlari  e'tirofi uchun  ta'sis etilmoqda.

Ushbu orden va medalning ta'sis etilishi o'z sog'ligi, oilasi, manfaatini bir chetga surib qo'yib, kerak bo'lsa, xavfga qo'yib, xalqimiz salomatligi uchun kurashayotgan insonlarga katta ma'naviy kuch va ruh bag'ishlaydi, albatta. Zero, inson mehnati qadr topsa, u har qanday kasb mashaqqatlariyu qiyinchiliklarini matonat bilan engib o'tadi. Bunday rag'bat insonning o'z ishiga bo'lgan sadoqatini yanada kuchaytiradi.

SHubhasiz, hamyurtlarimiz orasida mazkur orden va medallarga chin ma'noda munosiblar juda ko'p. Ularni taqdirlash, fidoyiligini e'tirof etish aholi salomatligini samarali muhofaza etish borasida yanada baland marralarni zabt etilishiga zamin yaratadi.

                                                                                                                        Nosirbek ABDULLAXONOV,

                                                                                                   Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar

                                                                                                                va gender tenglik masalalari

                                                                                                                 qo'mitasi raisi o'rinbosari.