FIFA: Abdumoʻminov — Oʻzbekistonning yashirin “kozir”i

    Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi bosh murabbiyi Islom Ismoilovning Azizbek Abdumoʻminov haqidagi qarorining toʻgʻriligi oʻz isbotini topdi — yarim himoyachi Oʻzbekistonni Jahon chempionatidagi ilk gʻalabaga yetakladi.

    FIFA rasmiy sahifasida Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi bosh murabbiy Islombek Ismoilov hamda futbolchi Azizbek Abdumoʻminov haqida maqola eʼlon qilindi.

    Maqolada taʼkidlanganidek, Qatar-2025 U-17 jahon chempionatida Oʻzbekiston termasi Paragvay ustidan 2:1 hisobida gʻalaba qozondi va guruhdagi musobaqani gʻolibona boshladi. Ismoilovning taktik “syurprizi” — odatda markaziy yarim himoyachi sifatida oʻynaydigan Abdumoʻminovni hujumchi pozitsiyasiga joylashtirish boʻldi. Bu qaror oʻzini toʻliq oqladi: yosh futbolchi ikki bor gol urdi va “Oʻyin qahramoni” deb topildi.

    «Biz har bir oʻyinda ikki maqsad bilan maydonga tushamiz: mamlakatimiz sharafini himoya qilish va har bir oʻyinchidan eng yaxshi natijani olish. Abdumoʻminov bu bellashuvda bizning yashirin qurolimiz boʻldi. U ham jismonan, ham ruhan tayyor edi,» — dedi Ismoilov FIFA muxbiriga.

    Murabbiy oʻz shogirdini intizom va mehnatsevarlik uchun ham maqtadi:

    “U mashgʻulotlarda katta mehnat qildi va buni maydonda ham koʻrsatdi.”

    Abdumoʻminovning avvalgi natijalari uning bu darajadagi chiqishini koʻrsatmagandi — u avvalgi 13 oʻyinda biror gol urmagan va qitʼa chempionatida faqat bir marta asosiy tarkibda maydonga tushgandi.

    “U tabiiy yarim himoyachi, ammo turli pozitsiyalarda oʻzini namoyon eta oladi. Shu sabab u hujumda ham samarali oʻynay oladi,” — dedi Ismoilov.

    Oʻyin qahramoni boʻlgan Abdumoʻminov esa quvonchini yashirmadi:

    “Bu hisni soʻz bilan ifodalash qiyin. Men shunchaki baxtiyorman. Bu jamoaviy gʻalaba — har birimiz bor kuchimiz bilan harakat qildik. Murabbiylar ishonchi uchun juda minnatdorman.”

    Abdumoʻminov oʻz pozitsiyasidagi oʻzgarish haqida ham toʻxtalib oʻtdi:

    “Menga yangi vazifa berildi va bu imkoniyatdan foydalanishga harakat qildim. Har bir daqiqada bor kuchimni berdim. Oʻyin qahramoni boʻlganimdan juda xursandman.”

    Ismoilovning Asilbek Aliyevni (Osiyo chempionatida 4 gol urgan sardor) zaxirada qoldirib, Abdumoʻminovni asosiy tarkibga qoʻyishi koʻpchilik uchun kutilmagan qaror boʻldi. Ammo u bu ishonchni toʻliq oqladi va Oʻzbekiston uchun yangi maqsadlar belgiladi:

    “Biz bu yerga gʻalaba uchun kelganmiz. Yoʻl oson boʻlmaydi, ammo bor kuchimizni berib, mamlakatimizni faxrli qilib qaytishga intilamiz.”

    Oʻzini Krishtianu Ronaldu va Jud Bellinghem muxlisi deb biladigan Abdumoʻminov birinchi golidan keyin murabbiyni quchoqladi, ikkinchisini esa portugal yulduziga xos uslubda nishonladi.

    FIFA taʼkidlashicha, bu gʻalaba Oʻzbekiston termasi uchun ishonchli start boʻldi. Endi jamoa guruhdagi peshqadamlik uchun Irlandiya bilan hal qiluvchi bellashuvga tayyorlanmoqda.