Gap shundaki, 2022-yil 11-aprel kuni FIFA Nizolarni hal etish palatasi “Mashʼal” futbol klubi va uning nigeriyalik sobiq futbolchisi Ifeanyi Ifeanyi oʻrtasidagi nizoli vaziyat yuzasidan qaror chiqargan edi.
Unga koʻra, “Mashʼal” futbol klubi zimmasiga futbolchi oldidagi belgilangan qarzdorlik va jarima toʻlovlarini 45 kun mobaynida toʻlash majburiyati yuklatilgan. Agar mazkur majburiyatlar klub tomonidan oʻz vaqtida bajarilishi taʼminlanmasa, klubga nisbatan milliy va xalqaro miqyosda yangi futbolchilarni roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha taqiq qoʻyilishi haqida ogohlantirish berilgan.
Biroq klub bu borada xabardor etilgan boʻlsa-da, ushbu nizoli vaziyatni hal etmagan va shu munosabat bilan FIFA 2022-yil 9-avgustdan eʼtiboran “Mashʼal” futbol klubiga nisbatan transfer taqiqini belgilagandi.
“Mashʼal” 13-fevral kuni nigeriyalik sobiq futbolchisi oldidagi qarzdorlik masalasini hal etdi va FIFAga transfer taqiqini olib tashlash boʻyicha murojaat yuborildi. 13-fevral kuni futbolchi tomoni toʻlov amalga oshirilganini tasdiqladi va FIFA “Mashʼal” futbol klubidan transfer taqiqini olib tashladi.