Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Saudiya Arabistonida oʻtgan oʻsmirlar oʻrtasidagi Osiyo kubogida tarixiy natija qayd etib, gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. FIFA rasmiy sayti jamoamizning ushbu muvaffaqiyati haqida maqola eʼlon qildi.

«Oʻzbekiston 9 nafar futbolchi bilan Saudiya Arabistonini magʻlub etib, Osiyo kubogida zafar quchdi. Qiziq jihati shundaki, Jamoa tarkibidagi hujumchi Nurbek Sarsenbayev va himoyachi Miraziz Abdukarimov birinchi boʻlim oxirida maydondan chetlatilganiga qaramay, ikkala gol ham aynan shundan soʻng kiritildi.
Turnir davomida aʼlo darajada oʻynagan Islombek Ismoilov boshchiligidagi jamoa Toif shahridagi “Qirol Fahd” stadionida hujumkor oʻyin koʻrsatishda davom etdi.
Ikkinchi boʻlim boshida himoyachi Muhammad Hakimov penalti orqali hisobni ochdi, 70-daqiqada esa qanot hujumchisi Sadriddin Hasanov chiroyli harakatlari evaziga gʻalabani mustahkamladi. Hasanov bu turnirda koʻrsatgan yuqori saviyali oʻyini uchun musobaqaning eng yaxshi futbolchisi, deb eʼtirof etildi.
Oʻzbekiston soʻnggi sakkizta qitʼa turnirining yettitasida kamida chorak finalgacha yetib borgan va 2023-yilda Indoneziyada oʻtgan soʻnggi jahon chempionatida ham shu bosqichgacha yetib kelib, yaxshi taassurot qoldirgandi«, — deyiladi FIFA xabarida.