Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Futbol Assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilari uchun seminar-treninglar tashkil etildi.
Seminar-treningda FIFA vakillari Alexandra Huete hamda Alberto Giacomi tomonidan “Football for schools - maktablarda futbol” loyihasi haqida taqdimot qilindi hamda mazkur dasturning ijobiy tomonlari haqida qatnashchilarga soʻzlab berildi.
Alexandra Huete FIFA tomonidan “Football for schools” loyihasi bugungi kunda 53 ta mamlakatda joriy qilinganligini alohida taʼkidlab oʻtdi:
— Bu dastur mazkur sport turiga qiziqadigan iqtidorli yoshlarni saralab olish hamda oʻqitishda alohida ahamiyatga ega. Aynan “Football for schools” loyihasi yordamida dunyo boʻylab taniqli sport yulduzlari yetishib chiqqan. Bu Oʻzbekistondagi isteʼdodli yoshlarni kashf etishda ham oʻziga xos rol oʻynashiga ishonamiz, — dedi u.
Kunning ikkinchi yarmida seminar ishtirokchilari uchun amaliy mashgʻulotlar hamda “Chigʻatoy” sport bazasiga tashrif rejalashtirilgan.
Tadbir Olmazor tumanidagi 191-maktabda boʻlib oʻtdi.
Seminar-treninglar 29-aprelgacha davom etadi.