Filiallar orqali 45 mingdan ortiq davlat xizmatlari koʻrsatildi

    Ijtimoiy hayot 23 Yanvar 2022 986

    2018-yilda Fargʻona viloyatida butunlay yangi tashabbus ilgari surildi. Respublikada birinchilardan boʻlib Fargʻona tuman davlat xizmatlari markazining qatnov qiyin va anklav boʻlgan hududlari — Chimyon, Yordon va Shohimardon MFY da davlat xizmatlari markazining filiallari tashkil etildi. Bu tashabbus tez fursatlarda respublika miqyosida amaliyotga joriy etildi.

    Bugungi kunga kelib Fargʻonada DXM filiallari soni 11 taga yetdi. Ayni damda Beshariq tumanida “Rapqon”, Uchkoʻprik tumanida “Oq suv”, Buvayda tumanida “Buvayda”, Fargʻona tumanida “Logʻon”, Quva tumanida “Akbarabod”, Furqat tumanida “Chekchuvaldoq”, Quvasoy shahrida “Qoʻchqorchi”, Fargʻona shahrida “Qirguli” filiallari faoliyat olib boryapti. Birgina filiallar tomonidan 2021-yil davomida fuqarolarga 45 mingdan ortiq davlat xizmatlari koʻrsatildi.

    214 mingdan ortiq aholi istiqomat qilayotgan Fargʻona tumani — qoʻshni Qirgʻiziston Respublikasiga yondosh hudud. Tuman tarkibidagi Shohimardon va Yordon MFY lari esa chor tarafi Qirgʻiziston sarhadlari bilan chegaradosh haqiqiy anklav hudud. Baland togʻ yon bagʻirlarida joylashgan bu tumanda fuqarolar va tadbirkorlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida DXMning “Shohimardon”, “Chimyon” filiallari tashkil etilgan. Eʼtiborli jihati shundaki, qishning ayozli, yozning jazirama kunlarida yuzlab chaqirim masofadan, ayniqsa Qirgʻizistonning 50 kilometr hududini bosib oʻtib keladigan fuqarolar uchun ayni muddao boʻldi. Tuman markazidan 46 kilometr uzoqlikda joylashgan Chimyon hududida Mindon, Xonqiz, Gulshan, Qoʻrgʻontepa kabi 9 ta qishloqlarda 100 minga yaqin aholi istiqomat qiladi. Davlat xizmatlari markazining Soyboʻyi MFY da joylashgan “Chimyon” filiali esa ana shu aholining uzogʻini yaqin qilyapti. Shu kunga qadar “Chimyon” hamda “Shohimardon” filiallari orqali aholiga 1 ming 600 dan ortiq davlat xizmatlari koʻrsatilgan.

    Filiallarda nafaqat davlat xizmatlari koʻrsatiladi, balki vaqti-vaqti bilan sayyor qabullar ham tashkil etiladi. Bu galgi mobil davlat xizmatlari koʻrsatish va sayyor uchrashuv Shohimardon mahalla fuqarolari yigʻini tarkibidagi 2-sonli umumtaʼlim maktabida tashkil etildi. Muloqotlar davomida aholini qiziqtirgan barcha savollarga mukammal javob berildi. Davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini takomillashtirish yuzasidan takliflar mulohazalar oʻrganildi.

    2019-yilda qabul qilingan “Fargʻona viloyatining turistik salohiyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Hukumat qaroriga koʻra, Fargʻona viloyati hokimligi huzurida davlat muassasasi shaklidagi “Shohimardon” turizmni rivojlantirish direksiyasi” tashkil etilgan edi. Direksiyaning asosiy vazifalaridan biri — Fargʻona tumani “Shohimardon” va “Yordon” MFYlarda turizmni rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish va amalga oshirilishini taʼminlash, ushbu MFYlarning ekoturizm salohiyatini inobatga olgan holda yangi turizm yoʻnalishlarini ishlab chiqishdan iborat edi. Sayyor uchrashuv davomida ana shu konsepsiyani amalga oshirishda turistik obyektlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish va qayta oʻtkazish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.

    Davlat xizmatlari markazlarining filiallari nafaqat togʻoldi hududlar, balki shahar ichida markazdan olis deb topilgan massivlarda ham tashkil etilyapti. Fargʻona shahrining Qirguli mavzesini oʻziga xos sanoatlashgan hudud deyish mumkin. Bu yerda asosan yirik zavod va fabrikalarining ishchi xodimlari istiqomat qiladi. Ularning har bir boʻsh vaqti korxonalarning ish faoliyati bilan chambarchas bogʻliq.

    Ana shunday vaziyatlarni hisobga olgan holda Qirgulidagi “Neftchi” madaniyat saroyida Fargʻona shahar Davlat xizmatlari markazining filiali tashkil etilgan.

    — Tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanaman. Kundalik yumushlar tufayli yashash joyimdan 11 kilometr uzoqlikdagi Davlat xizmatlari markaziga kelib ketar edim, — deydi Qirguli mavzesida istiqomat qiluvchi Otabek Isoqov. — “Neftchi” madaniyat saroyida DXM filialining tashkil etilgani ayni muddao. Bu yerda mahalla kutubxonasi, MFY maʼmuriy binosi, 2-sektor shtabi, madaniyat saroyi majmua sifatida joylashgan. Tashkil etilgan filial 70 ming aholi joylashgan Qirguli mavzesidagi fuqarolarning uzogʻini yaqin qilyapti.

    Davlat xizmatlari markazlari filiallari ayni kunlarda jismoniy va yuridik shaxslarga mobil davlat xizmatlarini koʻrsatishi bilan ahamiyatli. Hudud aholisiga koʻrsatilayotgan xizmatlar boʻyicha huquqiy maslahatlar, yoʻl-yoʻriqlar beriladi. Bu yerda DXM da koʻrsatiladigan xizmatlarning barchasidan foydalanish imkoniyati mavjud.

    Aytish mumkinki, bugun davlat bilan xalq oʻrtasidagi muloqot yangi bosqichga koʻtarildi. Xalqning ogʻirini yengil, uzogʻini yaqin qilish, qulaylik yaratish va shaffoflikni taʼminlashga qaratilgan davlat xizmatlarini koʻrsatishning yangicha tizimi hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi.

    DXA Fargʻona viloyat boshqarmasi matbuot xizmati.