Finlyandiyalik oʻqituvchi Zarafshondagi maktabda dars bermoqda

    Prezidentimizning mamlakatimizda taʼlim-tarbiya tizimini rivojlantirishda ilgʻor xorijiy tajribalarni, xususan, Finlyandiya taʼlim tizimini oʻrganish va mamlakatimizda joriy etish boʻyicha belgilab bergan vazifalari ijrosini taʼminlash maqsadida ushbu davlat bilan hamkorlik ishlari yoʻlga qoʻyilgan.

    Xususan, ikki tomonlama hamkorlik natijasi oʻlaroq, Zarafshon shahridagi 1-maktabda finlyandiyalik oʻqituvchi Elisa Milyana Ladenperaga xonim 15 nafar oʻquvchiga fin tilidan saboq bermoqda.

    Shu yilning 10-aprel kuni Zarafshon shahrida boʻlgan finlyandiyalik investorlar va Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi oʻrinbosari maktabdagi fin tili darsini kuzatdi va oʻquvchilarning jarayon boʻyicha fikrlari bilan qiziqdi.

    Ushbu oʻquvchilar kelgusida akademik litseydagi taʼlimni Finlyandiyada davom ettirish imkoniyatiga ega boʻladi.

    Eslatib oʻtamiz: oʻtgan yilning 17-dekabrida Finlyandiyaning Lappeyenranta shahri va Navoiy viloyati oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolangan. Unga koʻra, Navoiy viloyatidan 9-sinf bitiruvchi oʻquvchilari Lappeyenranta shahrida 3 yil oʻqish imkoniyatiga boʻladi.

    Finlyandiya tomoni har bir oʻquvchining mamlakatda yashashi, ovqatlanishi va oʻqishi uchun grant ajratadi. Shuningdek, 2021-yil mart oyidan Zarafshonda fin tilini xorijiy til sifatida oʻqitish uchun finlyandiyalik oʻqituvchilar faoliyat boshladi.