Firibgar uchun qidiruvda boʻlgan oʻzbekistonlik erkak Turkiyada ushlandi

    U avtomobil oldi-sotdi sohasida koʻplab firibgarlik jinoyatlarini sodir etganlikda ayblanmoqda.

    Avtomobil oldi-sotdi sohasida koʻplab firibgarlik jinoyatlarini sodir etganlikda ayblanib 2015-yildan buyon qidiruvda boʻlgan oʻzbekistonlik erkak Turkiyada ushlandi. Bu haqda Oʻzbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.

    Maʼlum qilinishicha, Turkiya va Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirliklari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida Istanbul shahrida qoʻlga olingan 1969-yilda tugʻilgan I.U. 2025-yil 11-yanvar kuni Oʻzbekistonga deportatsiya qilindi.

    Bosh konsulxona ushbu shaxsning xatti-harakatlaridan jabr koʻrgan fuqarolardan Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirligi yoxud uning quyi tizimlariga murojaat qilishni soʻradi.

    Shuningdek, soʻnggi vaqtlarda firibgarlik holatlari yuzasidan Bosh konsulxonaga kelayotgan murojaatlar soni ortganligini inobatga olib, fuqarolardan firibgarlarga aldanib qolishdan ogoh boʻlishga chaqirdi.