Firibgarlar endi ichki ishlar organlari rahbarlari nomidan qoʻngʻiroq qilmoqda

    Soʻnggi vaqtlarda yangi turdagi kiberfiribgarlik ommalashmoqda.

    Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar qildi.

    Maʼlum qilinishicha, firibgarlar tomonidan huquq-tartibot idoralari, xususan ichki ishlar organlari rahbarlari nomidan telegramda soxta akkaunt ochgan holda fuqarolarga turli murojaatlar yuborilmoqda.

    Bunda firibgarlar Oʻzbekistondagi aloqa kompaniya raqamlaridan chiqqani koʻringani bilan, aslida ular xorijdan qoʻngʻiroq qilayotgan boʻladi. Turli maʼlumotlarni koʻrsatish orqali fuqarolardan yolgʻon sabablarni koʻrsatib bank plastik kartasi raqamlariga ega boʻlishmoqda va karta ichidagi pullarni yechib olishmoqda.

    «Ogoh boʻling! Tizimdagi biror bir rahbar sizga telegram orqali murojaat qilmaydi hamda sizdan oʻz hisobingizdan pulni boshqa hisobga qoʻyishingizni, naqd koʻrinishida kimgadir taqdim etishingizni soʻramaydi«, — deyiladi ogohlik xabarida.