Firibgarlikda ayblangan shaxs Turkiyada qoʻlga olindi

    3,6 mlrd soʻmlik firibgarlikda ayblangan shaxs Turkiyada qoʻlga olinib, Oʻzbekistonga qaytarildi.

    “Xavfsiz va sogʻlom yurt” keng qamrovli tezkor profilaktik tadbirlari doirasida IIV Tezkor-qidiruv departamenti hamda Oʻzbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi hamkorligida oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida firibgarlik jinoyatida ayblangan fuqaro Turkiya hududida qoʻlga olindi.

    Bu haqda IIV Tezkor-qidiruv departamenti maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda ayblanayotgan, 1980-yilda tugʻilgan shaxs oʻn nafardan ortiq fuqaroga yuk tashuvchi transport vositasini olib berishni vaʼda qilib, firibgarlik yoʻli bilan 3 mlrd 607 mln soʻmdan ortiq mablagʻni qoʻlga kiritgan.

    Ushbu fuqaro 2023-yildan buyon Yunusobod tumani IIO FMB tomonidan qidiruvga eʼlon qilingan boʻlib, uning Turkiya Respublikasi Istanbul shahrida yashirinib yurgani aniqlangan. Oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida u qoʻlga olinib, Oʻzbekistonga qaytarilgan.